Quyichirchiqdagi portlash bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
Jamiyat
−
14 noyabr 2019
5117Avvalroq, Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani "Surum" MFYdagi xonadonda gaz to‘planishi natijasida portlash bo‘lgani va 2 kishi vafot etgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi portlash to‘g‘risida qo‘shimcha bayonot berdi.
Joriy yilning 11 noyabr kuni Quyichirchiq tumanida namunali uylarning xonadonida gaz chaqnashidan hosil bo‘lgan yong‘in oqibatida 2 nafar fuqaro vafot etganligi va 4 nafari tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilganligi haqida xabar berilgandi.
Mazkur holat yuzasidan kecha, 13 noyabr kuni Quyichirchiq tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi "a" bandi va 258-moddasi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qayd etilishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida ro‘y bergan portlashga nima sabab bo‘lgani aniqlangandi. Shuningdek, Tergov departamenti Toshkent viloyatidagi portlash bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlarni ma’lum qildi.