Qo‘chqorov davlat byudjetidagi defitsitni yashiryaptimi?
Jamiyat
−
07 avgust 2023
9822O‘zbekistonda davlat byudjetining yarim yillik defitsiti 29 trln so‘mdan yoki YAIMning 6,1 % dan oshib ketgan. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi ma’ruzasida ma’lum qildi.
Ammo u o‘z ma’ruzasi davomida “defitsit” degan so‘zni tilga olmadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida 2023 yilning birinchi yarim yilligida yalpi ichki mahsulotning (YAIM) o‘sishi 5,6 %, sanoat o‘sishi 5,6 % xizmatlar sohasi 6,4%, qishloq xo‘jaligi 3,8 % ni tashkil etdi. Davlat byudjeti daromadlari qariyb 100 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan 76 trln so‘mi soliq va 24 trln so‘mi bojxona tushumlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Davlat byudjeti xarajatlari jami 129 trln so‘mdan oshdi”, deya byudjet defitsitini “silliqlab” ketdi Qo‘chqorov.
Bu esa shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda davlat daromadlari o‘tgan yilning yarmi bilan solishtirilganda 8,1 % ga o‘sgan. Xarajatlar esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,2 % ga yuqorilagan.
Moliya vaziri o‘z ma’ruzasi davomida xarajatlarning 65 trln so‘mi ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgani haqida aytib, boshqa sarflarga aniq to‘xtalmadi.
Shuningdek, majlisda o‘tirgan deputatlarning birortasi ham byudjet xarajatlarining oshishiga sabab va ushbu defitsitning qaysi manbalar hisobiga qoplanishiga izoh talab qilmadi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, oxirgi yillarda O‘zbekistonda byudjet intizomi butunlay izdan chiqib bo‘lgan.
“Byudjet kodeksi qoidalariga ko‘ra, 2023 yil byudjetiga oid qonunga allaqachon o‘zgartirishlar kiritilishi kerak edi. 2022 yil byudjetiga yil tugashiga bir kun qolganida 2022 yil 30 dekabrda o‘zgartirishlar kiritildi.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda byudjet intizomi butunlay izdan chiqib bo‘lgan, amalga oshirilgan xarajatlar ishlatib bo‘lingach, ya’ni postfaktum ma’qullanishi normaga aylangan. Navbatchi deputatlar byudjet ijrosi va mundarijasi bo‘yicha mohiyatan bironta savol yo e’tiroz bildirishmagan”, degan u o‘zining Telegram-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning 2023 yilgi davlat byudjeti atigi bir hafta ichida ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan tasdiqlab yuborilgandi. Bunga e’tiroz bildirgan o‘sha vaqtda deputat Rasul Kusherboyev esa qonunni sinchiklab o‘rganishiga imkon berilmaganini aytib, QALAMPIR.UZ’ga intervyu bergan. Shundan so‘ng u buni “ko‘zbo‘yamachilik” deb atab, deputatlik mandatini tashlashga qaror qilgandi.
LiveBarchasi