Qrimga 38 ta dron bilan hujum qilindi

Olam

image

Bugun, 3 martga o‘tar kechasi anneksiya qilingan Qrimga Ukrainaning 38 ta uchuvchisiz samolyoti hujum qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi bayonot berdi.

“Ukrainaning barcha uchuvchisiz uchish apparatlari havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilindi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Biroq, Qrimning bir qator jamoat sahifalarida tunda Feodosiyadagi neft ombori hududida sodir bo‘lgan portlashlar haqida xabar tarqalmoqda. 

"Qrim ko‘prigida avtomobillar harakati to‘sib qo‘yildi", deb aniqlik kiritdi "Qrim shamoli" Telegram-kanali.

Ukraina harbiylari bosib olingan Qrimga tungi hujum haqida hozircha izoh bermadi.

Qayd etish joizki, Rossiya hukumati va Rossiyaning bir qator shaharlari aholisi muntazam ravishda Ukraina dronlarining hujumlari haqida xabar berib keladi. Xususan, kecha, 2 mart kuni dronlardan biri Sankt-Peterburgdagi turarjoy binosiga qulagan. Dron urilgan uydan bir kilometr uzoqlikda Rosneft kompaniyasiga tegishli neft ombori joylashgan. 

"Jabrlanganlar yo‘q. Ikkita uyning balkonlari oynalari qisman shikastlangan. Jabrlangan xonadonlar aholisi evakuatsiya qilingan", deya ma’lum qildi rasmiylar portlash sabablarini ochiqlamasdan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi tomonidan 2 martga o‘tar kechasi Ukrainaning Odessa shahriga havo hujumi uyushtirilgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida qurbon bo‘lganlar soni o‘n kishiga yetgan. Turarjoy massividagi to‘qqiz qavatli bino vayronalari ostidan Rossiya droni urilgan joyda qutqaruvchilar 3 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolaning jasadini olib chiqqan. Kecha kechroq qutqaruvchilar yana besh kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Vayronalar ostidan 3 oylik bola va uning onasining jasadi topilgan. Odessa va mintaqada motam e’lon qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Qrim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing