Qrimdagi bazaga Ukraina “spetsnaz”i hujum uyushtirgan – WP
Olam
−
12 avgust 2022
13989Anneksiya qilingan Qrimdagi Rossiya havo bazasiga kuchli hujum Ukraina maxsus kuchlarining ishi bo‘lgan. Bu haqda Ukraina rasmiysiga tayanib, “The Washington Post” nashri xabar bermoqda. Gazetaga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan mulozim Qrimdagi operatsiya tafsilotlarini oshkor qilmagan.
Qayd etilishicha, bu hujum qariyb olti oylik urushdagi birinchi jiddiy eskalatsiya bo‘lib, Ukrainaning front chizig‘idan tashqariga ham zarba bera olish imkoniyatini namoyish qiladi.
Joriy yilning 10 avgustidagi bayonotda Ukraina Harbiy-havo kuchlari bazada kamida to‘qqizta rus harbiy samolyoti yo‘q qilinganini aytgandi. Agar ma’lumot tasdiqlansa, bu yo‘qotishlar Rossiya havo kuchlarining bir kun ichida ko‘rgan eng katta zarari bo‘ladi. Samolyotlarning yo‘q qilinishi Moskva uchun hech bo‘lmaganda vaqtincha Ukraina shaharlariga hujum uyushtirishni qiyinlashtiradi.
Bu hujum, shuningdek, ruslarning uzoq muddatli istiqbolda Ukraina janubida nazoratni saqlab qolish qobiliyatiga ham katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bazadagi portlashlarga aynan nima sabab bo‘lganligi bo‘yicha faqat taxminiy fikrlar mavjud. Ayrim harbiy ekspertlar zarba dron yordamida berilganini aytmoqda. Ehtimol, dron Rossiya bazasi yaqinida yashiringan tezkor xodimlar tomonidan yuborilgan.
Yana bir variant – qarshilik harakati a’zolari tomonidan portlovchi moddalar o‘rnatish, deydi ekspertlar. Raketa bunday zarar keltirishi mumkin, biroq Ukrainada bu qadar uzoqqa uchadigan snaryadlar borligi haqida hech qanday dalil yo‘q.
Sakidagi havo bazasi eng yaqin front chizig‘idan 140 mil uzoqlikda joylashgan va AQSH rasmiylarining “The Washington Post” nashriga aytishicha, zarbada Amerika qurollari ishlatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 9 avgust kuni Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimorolining Novofedorovka posyolkasidagi “Saki” harbiy aviabazasida ketma-ket portlashlar sodir bo‘ldi. Rossiya samolyotlari Zaporoje, Nikolayev va Xerson viloyatlarini bombardimon qilish uchun aynan shu havo bazasidan foydalanayotgandi.
Ukraina Mudofaa vazirligi portlashlarga izoh berib, yong‘in sabablarini aniqlay olmaganini ta’kidlab o‘tdi.
Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, portlashlar o‘q-dorilarning o‘z-o‘zidan portlashi tufayli sodir bo‘lgan. Jarohatlanganlar va bir kishi halok bo‘lgani haqida xabarlar bor. 14 kishi jabrlangan.
Xabar qilinishicha, portlashlar natijasida kamida 9 ta samolyot yaroqsiz holga kelgan, aerodrom ham foydalanishga yaroqsiz holga kelgan.
LiveBarchasi