Qozoq kriminal avtoriteti “Yovvoyi Arman” yo‘qolib qoldi
Olam
−
02 fevral 2022
23516Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda ayblanayotgan jinoiy avtoritet “Yovvoyi Arman” (Arman Jumageldiyev) tergov izolyatoridan yo‘qolib qoldi. Bu haqda uning advokatlari ma’lum qilgan.
Himoyachilarning so‘zlariga ko‘ra, 1 fevral kuni ular Olma-ota tergov izolyatorida Jumageldiyevni ko‘rgani borgan, u ko‘rsatma bermoqchi bo‘lgan.
“Biz bilan birga Bosh prokuratura huzurida tashkil etilgan idoralararo tergov-tezkor guruhi a’zolari kirdi. So‘roq paytida Arman Jumageldiyev tergov organlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini aytdi”, degan advokat Talg‘at Yesimov.
Biroq 2 fevralga o‘tar kechasi ma’lum bo‘lishicha, qo‘lga olingan shaxs tergov izolyatoridan noma’lum tomonga olib chiqib ketilgan, uning qayerdaligi noma’lum.
“Biz tergov organlariga murojaat qildik - ular ham bilishmaydi”, deydi Yesimov.
“Orda” nashrining yozishicha, “Yovvoyi Arman” politsiya departamentidan Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Olma-ota departamenti izolyatoriga ko‘chirilgan. Buning sabablari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Avvalroq Olma-ota politsiyasi maxsus operatsiya o‘tkazib, “Yovvoyi Arman” boshchiligidagi jinoiy guruhining olti a’zosini qo‘lga olgandi. Ularning qurollari musodara qilingan. Rasmiylar yanvar oyida Turkiyadan qaytgan Jumageldiyevni yil boshidagi tartibsizliklar vatida tartibsizlik va amaldorlarga hujum uyushtirganlikda gumon qilmoqda.
LiveBarchasi