Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi xitoy-o‘zbek vaksinasi bilan emlandi

Jamiyat

image

Kecha, 1 mart kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldini qabul qildi. Tomonlar O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada hamkorlikni kuchaytirish masalasini muhokama qildilar.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston-Xitoy hamkorligida amalga oshirilayotgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining sinov jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Xitoy farmkompaniyasi bilan uch tomonlama memorandum doirasidagi III faza sinovlarida mazkur vaksinaning xavfsizligi yuqori baholanganini qayd etdi.

Bugungi kunga kelib 6836 nafar ko‘ngilli vaksinaning 1-dozasi, 4453 nafar ko‘ngilli vaksinaning 2-dozasi va 283 nafar ko‘ngilli 3-doza bilan emlandi. Ushbu sinovda qatnashgan fuqarolarning 6 nafaridagina ozroq nojo‘ya ta’sir – allergik reaksiya kuzatildi. Ta’kidlanishicha, bu 0,01 foiz bo‘lib, vaksinaning xavfsizligidan dalolat beradi.

Darxan Satibaldi O‘zbekiston va Xitoy davlatlari hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 yangi rekombinant vaksina sinovlari muvaffaqiyatli o‘tayotgani bilan qutladi. Shuningdek, ushbu vaksina borasida Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida ham materiallar berilayotgani haqida gapirdi. Elchi O‘zbekiston-Xitoy vaksinasini Qozog‘istonga ham yetkazish masalasini muhokama qilish bo‘yicha taklif tayyorlashini bildirdi.

Suhbat yakunlangach, Qozog‘iston elchisi Darxan Satibaldi va ikki nafar Qozog‘iston elchixonasi xodimi ZF-UZ-VAC2001 vaksinaning 1-dozasi bilan emlandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Qozog'iston vaktsina

Baholaganlar

24

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing