Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegaradosh viloyatida atmosferaga katta miqdorda metan sizib chiqdi
Bu qiziq
−
18 fevral
211882023 yilda Qozog‘istonning O‘zbekistondan uncha uzoq bo‘lmagan hududidagi gaz konlaridan birida atmosferaga katta miqdorda metan sizib chiqqani aniqlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 9 iyun kuni Qozog‘iston janubi-g‘arbida joylashgan, O‘zbekiston bilan chegaradosh Mang‘istau viloyatidagi quduqda burg‘ulash ishlari paytida portlash sodir bo‘lgan va buning oqibatida kelib chiqqan yong‘in yil oxirigacha davom etgan. Yong‘in 2023 yilning 25 dekabriga kelibgina nazoratga olingan. Mahalliy hukumatning BBC’ga ma’lum qilishicha, hozirda quduqni sement bilan yopish ishlari olib borilmoqda.
Taxminiy xulosalarga ko‘ra, olti oydan ortiq vaqt davomida metan yonishi oqibatida 127 000 tonna gaz atmosferaga chiqib ketgan. AQSH atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday miqdordagi metanning ekologiyaga ta’siri benzinda harakatlanuvchi 717 000 dan ortiq avtomobilning bir yil davomida atmosferaga yetkazgan zarariga teng.
Metan karbonat angidridga qaraganda ancha kuchli issiqxona gazi hisoblanadi. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, sanoat inqilobidan keyin global haroratning 30 foiz ko‘tarilishiga metan sabab bo‘lgan.
Mang‘istau viloyati Ekologiya boshqarmasi o‘z bayonotida 9 iyundan 21 sentyabrgacha bo‘lgan davrda havodagi metan konsentratsiyasi 10 ta alohida holatda me’yordan oshib ketganini tasdiqlagan. Shuningdek, dastlabki portlashdan keyingi bir necha soat ichida havodagi metan belgilangan miqdordan 50 baravar yuqori bo‘lgani aytilgan. Lekin quduqqa egalik qiluvchi “Buzachi neft” kompaniyasi “katta miqdorda” metan sizib chiqqanini rad etgan.
Tabiiy gazni inson ko‘zi bilan ilg‘ash qiyin, biroq sun’iy yo‘ldoshlar quyosh nuri metan bulutidan o‘tganda hosil bo‘lgan noyob izni suratga tushirgan.
Kompaniya rasmiylarining ma’lum qilishicha, quduqda faqat “arzimas” miqdorda gaz bo‘lgan. Har qanday metan esa atmosferaga sizib chiqishi bilan yonib ketishi tabiiy. Shuningdek, ular atmosferada hosil bo‘lgan bulutni suv bug‘lari deb da’vo qilgan.
Ammo tekshiruvda ishtirok etgan olimlar jamoasi kompaniyaning bu kabi iddaolarini rad etdi:
"Biz suv bug‘i yoki tutunning potensial ta’sirini sinab ko‘rdik va reaksiyaga kirishishi davomida ularga taalluqli biron belgini topmadik", deydi Valensiya Politexnika Universiteti professori Luis Guanter.
Atirau sanoat xavfsizligi qo‘mitasi boshchiligidagi avariya sabablarini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan rasmiy tekshiruvda “Buzachi neft” kompaniyasi quduqni burg‘ulash ishlarini lozim darajada nazorat qilmagani aniqlandi. Shuningdek, burg‘ulash jarayonida ko‘plab nosozliklar uchun subpudratchi “Zaman Energo” ham ayblandi. “Zaman Energo” esa bu voqeaga izoh berishdan bosh tortdi.
Qozog‘iston Energetika vazirligi o‘z bayonotida bu kabi gaz oqimi bilan kurashish “murakkab texnik operatsiya” ekanini va “shunga o‘xshash avariyalarni bartaraf etishning universal yechimi yo‘qligini” aytgan.
Umuman olganda, bu Markaziy Osiyoda metanning atmosferaga chiqishining birinchi marta kuzatilishi emas. Qo‘shni Turkmanistonda ham atmosferaga katta miqdorda metan chiqishi hodisalari kuzatilgan.
Ammo professor Guanterning aytishicha, Mang‘istau viloyatida sodir bo‘lgan voqea alohida ajralib turadi:
“Bu inson harakati oqibatida yuzaga kelgan eng katta metan sizib chiqishi hodisasi”, deydi u.
Mohinur Mamatova