Qozog‘istonning sobiq mudofaa vaziri qamaldi
Olam
−
10 mart 2023
6677Qozog‘istonda jinoiy ishlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo harbiy sudi respublika sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanovni 2022 yildagi tartibsizliklar paytida sustkashlik qilgani uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “Baigenews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, sobiq mudofaa vaziri Jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo harbiy sudning 24 fevraldagi hukmi bilan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 451-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Manbaga ko‘ra, 2022 yilning 11 yanvar kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev yangi hukumat tarkibini tasdiqlaganda Bektanov o‘z lavozimini saqlab qolgan. Biroq 2022 yil 19 yanvar kuni uning o‘rniga Ruslan Yaxshiliqov tayinlangan. Davlat rahbari ushbu qarorni tushuntirar ekan, rahbariyatning o‘ta noaniqligi va tashabbuskor emasligi sababli yanvar voqealari chog‘ida armiya o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarmagani, vazir qo‘mondonlik fazilatlarini namoyon etmaganini ta’kidlagan.
2022 yil 22 fevralda esa Qozog‘iston poytaxtining ixtisoslashtirilgan tumanlararo tergov sudi Bektanovni hibsga olishga ruxsat bergan.
Ma’lumot uchun, 2022 yil yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tgan. Ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qilgan. Respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qilgan va yordam so‘rab Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga murojaat qilgan. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashgan, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqealar oqibatida 238 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
LiveBarchasi