Qozog‘istonga O‘zbekistondan bo‘sh vagonlar kirishi taqiqlandi
Olam
−
26 fevral
7042Qozog‘iston temiryo‘llari Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistondan g‘alla tashuvchi bo‘sh vagonlarning mamlakatga kirishini taqiqladi. Bu haqda “LogiStan” xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan Qozog‘istonning barcha temiryo‘l stansiyalariga bo‘sh don vagonlarini tashishga vaqtincha taqiq joriy etilgan. Tegishli telegramma yuk jo‘natuvchilar va milliy temiryo‘l ma’muriyatlariga yuborilgan. Cheklovlar 2025 yil 26 fevraldan 8 martgacha amal qiladi.
Taqiq joriy etilishining sabablari ko‘rsatilmagan, biroq mutaxassislar Qozog‘iston temiryo‘llari magistral tarmog‘ida me’yoridan ortiqcha vagonlar to‘planib qolganini ta’kidlamoqda. Bu esa temiryo‘l tizimi va logistika sohasida qiyinchiliklar tug‘dirayotgani bilan izohlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 28 yanvardan boshlab Qozog‘iston hududidan uchinchi davlatlarga kartoshka olib chiqishga taqiq joriy etilgan edi. Ichki bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish va narxlarning keskin o‘sishining oldini olish maqsadida Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha idoralararo komissiya Qozog‘istondan barcha turdagi transport vositalari orqali kartoshka olib chiqishni cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
LiveBarchasi