Qozog‘istondan benzin va dizel olib chiqishga qo‘yilgan taqiq yana uzaytirildi
Olam
−
05 dekabr 2023
4434Qozog‘istondan avtomobil yo‘llari orqali benzin, dizel yoqilg‘isi va bir qator neft mahsulotlari eksportiga qo‘yilgan taqiq yana olti oyga uzaytiriladi. Tegishli hukumat qarori respublika normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi.
“Qozog‘iston Respublikasi hududidan avtomobil transportida benzin, dizel yoqilg‘isi va neft mahsulotlarining ayrim turlarini olib chiqishni olti oy muddatga taqiqlash kiritilsin”, deyiladi hujjatda.
Bildirilishicha, mazkur taqiq 2024 yilning 14 fevralidan kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda 2022 yilning 12 iyulidan boshlab neft mahsulotlarini avtomobil yo‘llari orqali eksport qilishni olti oy muddatga taqiqlash joriy qilingan, shundan beri bu chora shu kabi muddatlarga uzaytirilib kelinmoqda.
Energetika vazirligi mazkur chora milliy iqtisodiyot barqarorligi va rivojlanishini ta’minlash hamda mamlakat ichki bozorida neft mahsulotlari taqchilligining oldini olish maqsadida joriy etilayotganini aytgan. Vazirlikning tushuntirishicha, mamlakatda benzin va dizel yoqilg‘isining chakana narxlari Rossiya, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga qaraganda past, bu esa chegara hududlaridagi tranzit transporti haydovchilarida yoqilg‘i-moylash materiallariga talabning yuqori bo‘lishiga olib kelmoqda.
LiveBarchasi