Qozog‘istondagi YTHda 4 kishi yonib kul bo‘ldi. Ulardan biri o‘zbekistonlik ekani aytilmoqda (video)
Olam
−
28 Oktabr
13092Qozog‘istonning Atirau viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida haydovchi va uch nafar yo‘lovchi halok bo‘ldi. Bu haqda “Taspanews.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 26 oktyabr kuni soat taxminan 4:00 larda Atirau-Uralsk trassasida patrul-post xizmati xodimlari Rossiya davlat raqamlariga ega Daewoo Nexia rusumli avtomashinani yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun to‘xtatgan. Ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng, politsiya haydovchiga tungi vaqtda haydash xavfini eslatib, ehtiyotkorlikni kuchaytirishga chaqirgan.
Oradan ikki soat o‘tib, taxminan ertalab soat 6:00da xuddi shu trassada fojiali halokat yuz bergan. Daewoo Nexia rusumli avtomashinaning 38 yoshli haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi bo‘lakka chiqib ketgan va yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Oqibatda haydovchi va uning uch nafar yo‘lovchisi voqea joyida yonib ketgan.
“Zarba shu qadar kuchli bo‘lganki, mashina bir zumda alanga ichida qolgan”, deyiladi xabarda.
Politsiya tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va fojianing barcha holatlarini aniqlash bo‘yicha hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Boshqaruvni yo‘qotish sabablari hozircha noma’lum, ammo haydovchining charchog‘i asosiy sabablardan biri ekanligi taxmin qilinmoqda.
QALAMPIR.UZ'ga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi 38 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, Buxoro viloyati Buxoro shahridan. Ayni paytda marhumning akasi uning jasadini aniqlash hamda uyiga olib ketish uchun Rossiyadan Qozog‘istonga yo‘lga chiqqan.