Qozog‘istondagi yong‘inda o‘zbekistonliklar qurbon bo‘lgani tasdiqlandi
Olam
−
30 noyabr 2023
3757Qozog‘istonning Olmaota shahridagi hostelda sodir bo‘lgan yong‘inda ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qurbon bo‘lganini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tasdiqladi. Bu haqda TIV Matbuot kotibi Axror Burhonov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan telefon orqali suhbatda so‘z ochgan.
“Qozog‘istonda sodir bo‘lgan yong‘inda O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi borligini tasdiqlaymiz. Ular 2000 yilda tug‘ilgan yigitlar. Har ikkisining shaxsi aniqlangan va oila a’zolariga xabar berildi. Ularni O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi”, deydi Burhonov.
Uning qayd etishicha, o‘zbekistonliklarning vafoti va yong‘in bo‘yicha qolgan barcha ma’lumotlar dastlabki tergov harakatlari yakuniga yetganidan so‘ng beriladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 30 noyabr kuni soat 05:33 atrofida Olmaota shahrining Adi Sharipov ko‘chasida joylashgan binoda yong‘in chiqdi. Favqulodda vaziyat vaqtida ichkarida 72 kishi bo‘lgan. Ularning aksariyati evakuatsiya qilingan. Qutqaruvchilar yetib kelgach, 13 kishining jasadi topilgan. Ulardan 9 nafari Qozog‘iston, ikki nafari O‘zbekiston va yana ikkisi Rossiya fuqarolari ekani aniqlandi. Shuningdek, ikki kishi shifoxonaga yetkazilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, qurbon bo‘lganlar karbon monoksit (is gazi)dan zaharlanish oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkin.
Yong‘in ortidan favqulodda holat sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi.