Qozog‘istondagi talato‘plarda qaysi guruh radikallari qatnashgan? 

Olam

image

Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar kunlarida jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib hibsga olinganlar orasida radikal guruh a’zolari ham bor. Bu haqda “Xabar” davlat telekanali efirida namoyish etilgan “Fojiali yanvar. Bu qanday bo‘ldi?” hujjatli filmida aytilgan. 

“Qo‘lga olinganlar orasida “Yakin Inkar” radikal yacheykasi tarafdorlari ham bor. Ulardan qurol-yarog‘, granatalar, patronlar, diniy risolalar va adabiyotlar musodara qilindi”, deyilgan filmda. 

“Yakin Inkar” Nur-Sulton shahar Yesil tuman sudining 2018 yil 10 oktyabrdagi qarori bilan ekstremistik deb topilib, mamlakat hududida faoliyati taqiqlangan. 

Qozog‘iston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, “Yakin Inkar” Qozog‘istonda faoliyati taqiqlangan “Tablig‘i jamoat” ekstremistik tashkilotining qanoti hisoblanadi. 

Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, jangarilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari. 

5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi. 

7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

139

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing