Qozog‘istondagi portlashda o‘zbekistonliklar ham jabrlangani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 4 yanvar kuni soat 02:00 atrofida Qozog‘iston Respublikasi G‘arbiy Qozog‘iston viloyati O‘ral shahri Sirim Datov ko‘chasidagi ikki qavatli kafeda gaz-havo aralashmasining portlashi oqibatida oshxona binosining qulab tushgani va yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergandik.

G‘arbiy Qozog‘iston viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Yernur Utegenovning so‘zlariga ko‘ra, portlash vaqtida ikki kishi halok bo‘lgan, yana olti kishi qutqarilgan, 5 nafari turli darajadagi tan jarohatlari bilan shahar ko‘p tarmoqli shifoxonasiga yetkazilgan.

G‘arbiy Qozog‘iston sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Erlan To‘qsanov barcha jabrlanganlar shifokorlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilganini aytgan. Bir kishi ambulator davolanishga yuborilgan. Yana birining yuzi va bo‘ynida yengil kuyish jarohatlari bo‘lib, travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan.

“Og‘ir kuygan to‘rt kishi reanimatsiyada. Bir jabrlanuvchiga ikki tomonlama pnevmotorks (plevra bo‘shlig‘ida havo yoki gazlar to‘planishi) va o‘ng son suyagining sinishi tashxisi qo‘yilgan. To‘rt nafariga yopiq bosh jarohati va miya chayqalishi "diagnozi" qo‘yilgan. Uch nafar jabrlanuvchi 15 foizdan 52 foizgacha kuyish jarohati olgan. Ularning ahvoli o‘ta og‘ir deb baholanmoqda”, degan To‘qsanov.

Unga ko‘ra, bemorlarning ikki nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, ayni paytda reanimatsiyaga yotqizilgan, qolgan uch nafari Qozog‘iston fuqarolaridir. Bemorlarning yoshi 23 yoshdan 30 yoshgacha.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston portlash o'zbekistonliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing