Qozog‘istondagi avariya sabab O‘zbekistonda “svet” o‘chdi

Olam

image

Kecha, 19 iyun kuni Qozog‘istondagi Ekibastuz energiya tugunida yuzaga kelgan avariya sabab O‘zbekistonning ayrim hududlarida qisqa muddatli elektr uzilishi kuzatildi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi xabar berdi. 

Qozog‘iston elektr energiyasini uzatish tizimi operatori KEGOC’ning ma’lum qilishicha, 500 kVli yuqori kuchlanishdagi elektr uzatish liniyasida soat 16:44 da kuchli shamol tufayli uzilish yuz bergan. Bu Markaziy Osiyoning yagona energiya tizimida (Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni qamrab olgan) chastotaning pasayishiga olib kelgan.

“Favqulodda vaziyatni bartaraf etish maqsadida ayrim hududlarda qisqa muddatli majburiy cheklovlar joriy etildi”, deyiladi xabarda. 

500 kV kuchlanishdagi uzatish liniyasidagi nosozlik soat 19:30 da bartaraf etilib, O‘zbekiston iste’molchilariga elektr ta’minoti to‘liq tiklangan.

Ma’lumot uchun, kecha, 19 iyun kuni Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida shamol tezligi sekundiga 43 metrgacha yetgan kuchli bo‘ron kuzatildi. Tabiiy ofat infratuzilmaga jiddiy zarar yetkazdi, elektr uzilishlariga sabab bo‘ldi, ba’zi aholining jarohatlanish holatlari qayd etildi.

Favqulodda xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, 16 kishi jarohatlangan, ulardan 3 nafari bolalar. Aksu shahrida 1968 yilda tug‘ilgan ayol vafot etgan.

Viloyat markazi Pavlodarda 47 ta ob’ektda, jumladan 6 ta ijtimoiy muassasada tomlar jiddiy zarar ko‘rgan. Aksu va Ekibastuzda 23 ta ob’ekt, Bayanaul tumanida 7 ta ob’ekt, shuningdek May va Pavlodar tumanlarida ham binolarga zarar yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing