Qozog‘istondagi harbiy qismda yana portlash yuz berdi (video)
Olam
−
10 Oktabr 2021
9248Bugun, 10 oktyabr kuni Qozog‘istonning Jambil viloyatida joriy yilning avgust oyida yonib ketgan harbiy qismning o‘q-dorilar ombori hududida noma’lum ob’ekt portlab ketdi. Hodisa oqibatida hech qanday shikastlanishlar bo‘lmagan. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
“Taxminan soat 07:20 da Jambil viloyati Sarikemer qishlog‘idagi muhandislik o‘q-dorilar ombori hududida yong‘in oqibatida shikastlangan portlovchi moslama ishga tushib ketdi. Portlash natijasida parchalarning uzoqqa tarqalishi kuzatilmadi. O‘sha paytda ish olib borilmayotgandi hamda yaqin atrofda odamlar yo‘q edi. Binolarga ham zarar yetmadi”, deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, kelajakda shunga o‘xshash holatlar istisno qilinmaydi. Bundan tashqari, ombor hududida o‘q-dorilarni nazorat ostida yo‘q qilish ishlari olib borilmoqda. Ayni vaqtda joriy yilning 26 avgust kuni yuz bergan yong‘in oqibatlariga qarshi texnik hududda tozalash ishlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil avgust oyida Jambil viloyatida muhandislik o‘qlari saqlanadigan harbiy qism omborida yong‘in sodir bo‘lgandi. O‘shanda kamida 10 ta portlash qayd etilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 100 ga yaqin jabrlanuvchilar shifoxonalarga yotqizilgan, ularning 49 nafari mahalliy favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari edi. Portlashlar oqibatida 17 kishi halok bo‘lgan, ulardan 10 nafari fuqaro muhofazasi ofitseri, 6 nafari Mudofaa vazirligi xodimi va yana biri harbiy prokuror edi. Bundan tashqari, bir askar bedarak yo‘qolgan.
Ushbu voqeadan so‘ng, mamlakat Mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan. Oradan bir necha kun o‘tgach esa Prezident Qosim-Jomart To‘qayev uning iste’fosini qabul qilgan.
LiveBarchasi