Qozog‘istonda yo‘qolgan vertolyot ekipaji a’zosining jasadi topildi (video)
Olam
−
09 avgust 11803 1 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota viloyatida bedarak yo‘qolgan vertolyotning bir qismi va bir ekipaj a’zosining jasadi topildi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Mutaxassislar sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va matematik hisob-kitoblardan foydalanib, vertolyot qulagan hududni aniqlagan. Shundan so‘ng, maxsus texnika va qidiruv guruhlari o‘sha joyga yo‘naltirilgan. Suvosti ishlarida harbiy xizmatchilar taxminan 14 metr chuqurlikda vertolyotning parchasi va jasadni topgan. Hozirda jasadning shaxsini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, hodisa yuz bergan ilk soatlardan beri qidiruv-qutqaruv operatsiyasi uzluksiz olib borilmoqda. Ishlar suv ostida ko‘rinish yomonligi va loyqa qatlamlari tufayli qiyinlashgan, ammo barcha kuchlar tezroq yakunlash uchun maqsadli harakat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 iyul kuni Qozog‘istonning Olmaota viloyatida bortida uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan EC-145 harbiy vertolyoti radarlardan yo‘qolib qolgandi. 26 iyul kuni vertolyotning ayrim qismlari topilgan, biroq ekipaj a’zolarini qidirish davom etyotgandi.
Qidiruv ishlariga 330 nafardan ortiq harbiy va mutaxassis, 59 ta avtomobil texnikasi, 23 ta suvda harakatlanuvchi vosita, 12 ta uchuvchisiz uchish apparati, maxsus uskunalar va xizmat itlari jalb qilingandi.
Live
Barchasi