Qozog‘istonda yo‘qolgan harbiy vertolyotning qoldiqlari topildi
Olam
−
27 iyul 13208 2 daqiqa
Avvalroq, Qozog‘istonning Olmaota viloyatida bortida uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan EC-145 harbiy vertolyoti radarlardan yo‘qolib qolgandi. Uning qoldiqlari kecha, 26 iyul kuni topildi. Bu haqda mamlakatning Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vazirlikning qo‘mondonlik markazi tezkor shtabida o‘tkazilgan kosmik monitoring chog‘ida Olmaota viloyatidagi Sorbuloq ko‘li akvatoriyasida neft xarakteridagi dog‘ aniqlangan. Bir guruh qutqaruvchilar belgilangan hududga yetib borgan. Qidiruv-qutqaruv ishlariga FVVning 200 ga yaqin shaxsiy tarkibi, 40 ta texnikasi, 15 ta suv kemasi, 4 ta kinolog bo‘linmasi va 2 ta samolyoti jalb etilgan.
Voqea joyida o‘tkazilgan tekshirish natijasida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlariga tegishli bo‘lgan vertolyotning bo‘laklari aniqlangan.

Ma’lumot uchun, EC-145 vertolyoti – Fransiya va Germaniyada joylashgan Airbus Helicopters kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikki dvigatelli ko‘p maqsadli vertolyotdir. U dastlab 1999 yilda parvoz qilgan va 2002 yildan boshlab tijoratda foydalanila boshlangan. Ushbu vertolyot fuqarolik va harbiy maqsadlarda keng qo‘llanadi. U og‘ir yuklarni ko‘tarishga, favqulodda vaziyatlarda tibbiy evakuatsiya qilishga, patrullik va qidiruv-qutqaruv ishlariga, shuningdek, politsiya va xavfsizlik xizmatlari tomonidan foydalanishga mo‘ljallangan. EC-145 zamonaviy navigatsiya tizimlari bilan jihozlangan, ikki uchuvchili boshqaruvga ega bo‘lib, 8–10 nafargacha yo‘lovchini olib yurishi mumkin. Uning maksimal tezligi soatiga taxminan 268 kilometr bo‘lib, bir marta yoqilg‘i bilan 680 kilometrgacha uchishi mumkin. Harbiy versiyasi H145M deb yuritiladi va bu model qurolli kuchlar uchun moslashtirilgan bo‘lib, zamonaviy aloqa vositalari, infraqizil kuzatuv, hamda qurollanish imkoniyatlariga ega. Hozirda bu vertolyotlar ko‘plab davlatlar, jumladan Qozog‘iston tomonidan ham harbiy va qutqaruv maqsadlarida foydalaniladi. Qozog‘istonda ushbu vertolyotlar Airbus Helicopters Kazakhstan Engineering zavodi orqali yig‘iladi va texnik xizmat ko‘rsatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida “Vzlet” aviakompaniyasiga tegishli Mi-8T vertolyoti bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgandi. Bortda 5 kishi bo‘lgan. Ularning 3 nafari ekipaj a’zosi va 2 nafari texnik mutaxassislar sanaladi. Vertolyot Oxotsk aholi punktidan havoga ko‘tarilgan va Magadanga yetib borishi kerak bo‘lgan. Biroq belgilangan vaqtda ekipaj bilan aloqa uzilgan.
Live
Barchasi