Rossiyada vertolyot ichidagi yo‘lovchilari bilan bedarak yo‘qoldi

Olam

image

Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida “Vzlet” aviakompaniyasiga tegishli Mi-8T vertolyoti bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Rosaviatsiya matbuot kotibi Artyom Korenyako xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bortda 5 kishi bo‘lgan. Ularning 3 nafari ekipaj a’zosi va 2 nafari texnik mutaxassislar sanaladi. 
Vertolyot Oxotsk aholi punktidan havoga ko‘tarilgan va Magadanga yetib borishi kerak bo‘lgan. Biroq belgilangan vaqtda ekipaj bilan aloqa uzilgan.

Qidiruv ishlariga Rosaviatsiya’ga qarashli qidiruv-qutqaruv havo kemalari jalb etilgan. Magadandan “IrAero” aviakompaniyasining An-26 samolyoti qutqaruvchilar bilan jo‘natilgan. Oxotskdan esa “Dalnerechensk Avia” kompaniyasining Mi-8 vertolyoti Xabarovskdagi qidiruv bazasi qutqaruvchilari bilan parvoz qilgan.

Shu bilan birga, Rosaviatsiya Mi-8T vertolyotlari foydalanilishiga taqiq joriy etilgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Tergov qo‘mitasining Sharqiy transport boshqarmasi holat bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtirmoqda. Xabarovskdagi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, hozircha FVV kuch va vositalari ishga tushirilmagan. 

Ma’lumot uchun, Mi-8T – ko‘p maqsadli MI-8 vertolyotining desant va yuk tashish varianti bo‘lib, u M. L. Mil konstruktorlik byurosida ishlab chiqilgan. Uning maksimal uchish og‘irligi – 12 tonna, maksimal tezligi – 250 km/soat, uchish masofasi – 500 km gacha.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari Kamchatkada ham Mi-8 vertolyoti bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergandi. “Vityaz-Aero” aviakompaniyasiga tegishli vertolyot bortida 22 kishi bo‘lgani taxmin qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya vertolyot Artyom Korenyako

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing