Qozog‘istonda yirik dasht yong‘ini kuzatilmoqda. Qurbon bor (video)
Olam
−
07 Oktabr
9572Qozog‘istonning Qarag‘anda va Pavlodar viloyatlarida yirik dasht yong‘ini kuzatilmoqda. Uni o‘chirish uchun 600 dan ortiq odam jalb qilingan. Yong‘in bilan kurash chog‘ida bir kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar beradi.
Qayd etilishicha, olov bilan kurashish kuchli shamol, tog‘li hudud va uning o‘chog‘iga yaqinlashish yo‘llarining yo‘qligi sabab murakkablashmoqda. Hozirgi vaqtda yong‘inni o‘chirish ishlariga 609 kishi va 110 dona texnika, Qarag‘anda, Pavlodar viloyatlari, Ostona shahri Favqulodda vaziyatlar departamentlari va mahalliy ijro organlariga tegishli beshta dron, Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda "Bayanaul" milliy bog‘i jalb qilingan. Shuningdek, “Kazaviaspas”ning to‘rt havo kemasi va Mudofaa vazirligiga qarashli uchuvchisiz samolyotlardan foydalanilmoqda.
Qarag‘andi viloyatining Terkti qishlog‘i va Pavlodar viloyatining Jeltau qishlog‘ida dala shtablari tashkil etilgan. Ishlar yer va havo transporti orqali olib borilmoqda.
Bildirilishicha, 12 ta jangovar uchastka belgilangan. Viloyatlar Favqulodda vaziyatlar departamenti va FVVning boshqaruv markazida operativ shtablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Havo kemalari yordamida yong‘inga 22 tonna suv sepilgan, 15 ta suv sepish amaliyoti amalga oshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, Qarag‘anda viloyatining Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida axborot va psixologik yordam ko‘rsatish uchun ishonch telefoni faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Kecha, 6 oktyabr kuni Qarag‘anda va Pavlodar viloyatlarida yong‘in oqibatida to‘rt kishi kuyish jarohati olgan. Yong‘inni o‘chirish chog‘ida 33 yoshli katta o‘t o‘chiruvchi-qutqaruvchi halok bo‘lgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in maydoni 6 ming gektarga yetgan. FVV mahalliy aholini evakuatsiya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Portugaliyaning markaziy va shimoliy hududlarida kamida 15 ta yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 800 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi mashinalar yong‘in bilan kurashish uchun jalb qilingan edi.
LiveBarchasi