Qozog‘istonda o‘zbekistonlik bir oilaning yetti a’zosi is gazidan vafot etdi
Olam
−
02 mart
8865Bugun, 2 mart kuni Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati Munayli tumani Basquduq qishlog‘idagi uyda o‘zbekistonlik bir oilaning yetti a’zosi is gazidan zaharlanib, vafot etdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yordam berish uchun yetib borgan qutqaruvchilar va tez tibbiy yordam xizmati brigadalari hodisa joyidan yetti kishining jasadini topgan. Ulardan besh nafari voyaga yetmagan shaxslardir.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining dastlabki versiyasiga ko‘ra, fojia gaz uskunalaridan foydalanish qoidalarini buzish ortidan sodir bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhumlarning hammasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, Qozog‘istonda vaqtinchalik yashash joyiga ega bo‘lgan.
Favqulodda holat sabablarini aniqlash uchun komissiya tuzilgan, unga Mang‘istov viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Erbol Izbergenov raislik qilmoqda. Xabarda halok bo‘lganlarning qarindoshlariga har tomonlama, jumladan, ularni dafn etishda yordam ko‘rsatilishi, vaziyat viloyat hokimining shaxsan nazorati ostida ekani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida ota-ona va ularning farzandi is gazidan zaharlanib vafot etgandi.
LiveBarchasi