Qozog‘istonda uchar taksilarning narxi ma’lum qilindi
Olam
−
18:05 3730 1 daqiqa
Qozog‘istonda uchar taksida parvoz qilishning taxminiy narxi har kilometr uchun 1 dollar atrofida bo‘lishi aytildi. Bu haqda MIR24 xabar berdi.
“Hozir taxminan har kilometr uchun 1 dollar to‘lanadi. 15 kilometr uchun yo‘lovchi 15 dollar to‘lab, manzilga yetib boradi”, degan Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari Qanat Bo‘zumbayev.
Uning ma’lum qilishicha, aeroportdan Olmaota markazigacha aerotaksida uchish narxi taxminan 15–17 dollarni tashkil etadi.
Bo‘zumbayevning aytishicha, hozirda Olmaota aeroportidan shahar markazigacha tirbandliklar sabab 1,5–2 soat vaqt sarflanadi. Kelajakda esa yo‘lovchilar aeroport yaqinida joylashtiriladigan dronlar orqali manzilga tezroq yetib borishi mumkin bo‘ladi.
“Bu biznes uchun raqobat muhitini yaratadi va vaqt o‘tishi bilan xizmat narxi arzonlashadi. Shuningdek, yetkazib berish xizmati ham rivojlanadi. Biz Alatauda quriladigan binolar loyihalarini yo‘lovchi va yuk tashuvchi dronlarga moslashtirishni rejalashtiryapmiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 may kuni Olmaota yaqinidagi Olatau shahrida shahar havo mobilligining yangi davrini boshlab beruvchi aerotaksi – eVTOL’ning ilk sinov parvozi bo‘lib o‘tgandi. Mazkur loyiha Qozog‘istonning “Alatau Advance Air Group Ltd.” (AAAG) kompaniyasi tomonidan AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya va Italiyadan bo‘lgan hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Umumiy investitsiya hajmi 300 million AQSH dollariga baholanmoqda.
Live
Barchasi