Qozog‘istonda “Tolibon” elchixonasi ochiladi

Olam

image

Afg‘onistonning Ostonadagi diplomatik missiyasi “Tolibon” tomonidan tuzilgan tarkibda o‘z faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni “Tolibon” hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari mulla Abdul-G‘ani Barodarga tayanib, “TOLOnews” xabar berdi.

Aytilishicha, Qozog‘iston Bosh vazir o‘rinbosari Serik Jumangarinning Qobulga tashrifi chog‘ida “Tolibon” vakillari Afg‘onistonning Ostonadagi elchixonasi binosini o‘zlariga topshirishni so‘ragan. Mulla Abdul-G‘ani Barodarning ma’lum qilishicha, Qozog‘iston “Tolibon” tomonidan elchixonada ishlash uchun yuborilgan diplomatlarni qabul qilishga va’da bergan.

Shuningdek, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Aybek Smadiyarov Ostona "Tolibon" vakillariga akkreditatsiya berishini aytgan. U Qosim-Jomart To‘qayevning Qozog‘iston Afg‘onistonni hozirgi qiyinchiliklar bilan yolg‘iz qoldirmasligi haqidagi fikrlarini eslatgan. 

Bundan tashqari, Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati Afg‘onistonda Qozog‘iston savdo uyi ochilishini, uning bosh ofisi mamlakat g‘arbidagi Hirotda joylashganini ma’lum qilgan. Savdo uyi ochilishi Qobulda bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston-Afg‘oniston biznes-forumida e’lon qilingan. Unda Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari, Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin hamda oziq-ovqat sanoati (un, makaron, qandolat, ichimliklar va sut mahsulotlari)dan 18 nafar qozog‘istonlik tadbirkor-eksportchilar ishtirok etgan. 

Ma’lumot uchun, “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganiga bir yarim yildan oshgan bo‘lsada, ularning hukumati dunyoning hech bir davlati tomonidan tan olinmagan. Biroq Afg‘onistonning Rossiya, Xitoy, Turkmaniston, Eron va Pokistondagi elchixonalari “Tolibon” nazoratiga o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Qozog'iston Tolibon Ostona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing