Qozog‘istonda SSSR pasporti bilan 30 yil qullikda
Olam
−
19 Sentabr 2019
7891Rossiyalik Dmitriy hozirda 60 yoshda, u umrining 30 yilini Qozog‘istonda qullikda o‘tkazgan va shu vaqt ichida u bir necha bor sotilgan. Bu haqda Baigenews.kz xabar bermoqda.
Dmitriy Sovet Ittifoqi parchalanib ketgunga qadar Rossiyadan pul topish uchun Qozog‘istonga kelgan. U bu yerda chorvachilik fermasida ishlagan. Xo‘jayin esa Dmitriyga maosh berish o‘rniga nonushta bergan xolos.
Birinchi marta u o‘sha paytda Ko‘kchatov viloyatida qullikka tushib, Olma-Ota viloyatiga sotilgan.
"So‘nggi 11 yil davomida men Olma-Ota viloyatida chechenlar bilan birga yashadim. Pechka yoqdim, qor tozaladim, hovlini supurdim, chorva mollarini boqdim. Hech qanday maosh berilmadi, ishlashga majbur bo‘ldim va faqat meni uyga qaytarishga va’da berishdi. Ammo men hech qachon uyga bormadim. Uch-to‘rt yil oldin, "egalarim" meni kaltaklashdi. Chunki ular bu paytda mast bo‘lgan va dam olishni xohlashgan. Ular meni ba’zida ovqatsiz qoldirgan. Ketishga imkon topolmasdim. Rossiyada qarindoshlarim va do‘stlarim bo‘lgani bilan qo‘limda sovet pasporti bor edi. Hujjatsiz esa hech qayerga borolmasdim", deydi Dmitriy.
Kunlarning birida u tasodifan Olma-Ota viloyatida bir g‘amxo‘r odamni uchratadi. "Uning ismi Ruslan, u qozoq, lekin Rossiyada yashaydi. Biz u bilan uchrashdik va panjara orqali gaplashdik, chunki men hovli tashqarisiga chiqolmasdim. U meni qullikdan ozod bo‘lishimda yordam berishga va’da berdi. Ruslan do‘stlari bilan kelib, xo‘jayinlar bilan kelishishga harakat qildi. Biroq janjal boshlandi va oqibatda ular menga jahl qilib, Qo‘stanayga olib ketishdi. Chunki bu hudud Rossiya bilan chegaradosh va bu yerdan uyga qaytishim osonroq bo‘lardi", deydi Dmitriy.
Dmitriy politsiyaga uni ko‘p yillar davomida asirlikda saqlaganlarga qarshi ariza yozmoqchi emas, ularni ta’qib qilishdan qo‘rqadi. Hozir Dmitriyning sog‘lig‘i yaxshi emas, oyoqlari tortishadi, oshqozon og‘riydi.
"Damitu" markazi unga huquqiy va psixologik yordam bermoqda. Markazning oldida SSSR pasportiga ega bo‘lgan Dmitriyni Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi bilan tasdiqlash vazifasi turibdi.
"U o‘tgan hafta bizning tashkilotimizga murojaat qildi. Uni Vataniga qaytarish uchun hamma narsa qilinyapti. Endi biz unga Nijniy Novgorod yaqinida yashaydigan qarindoshlarinikiga borishi uchun chipta sotib olamiz", dedi fond menejeri Nina Kosyuk.
Kosyukning so‘zlariga ko‘ra, Dmitriyni uyida o‘g‘li, qizi va singlisi kutmoqda.
"U Rossiyani 1990 yilda tark etgan va 1992 yilda Qozog‘iston hududida bo‘lgan. Ammo Dmitriy Rossiya Federatsiyasida yashash huquqiga ega va u yerda ro‘yxatdan o‘tgan. Shunday qilib, biz uning Rossiya fuqarosi ekaniga ishonamiz, uning o‘g‘li va qizi Rossiyada kutmoqda. Biz oilasi bilan Dmitriyni uchrashishiga va reabilitatsiyaga yordam berishga tayyormiz. Rossiyaning elchixonasi bilan birgalikda unga qaytib kelish to‘g‘risida guvohnoma berish uchun ishlamoqdamiz", deydi Nina Kosyuk.
LiveBarchasi