Qozog‘istonda sportchilar ommaviy zaharlandi
Olam
−
22 yanvar 1566 1 daqiqa
Kecha, 21 yanvar kuni Qozog‘istonning Jambil viloyatidagi dam olish maskanida 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 22 nafar sportchi ovqatdan zaharlandi. Bu haqda “Sputnik Qozog‘iston” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘smirlar mintaqaga Qizilo‘rda viloyatidan kurash bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etish uchun borgan. Dam olish maskaniga jami 103 nafar yosh sportchi va 13 nafar murabbiy joylashtirilgan bo‘lgan. Ulardan 22 nafar bolada ovqatdan zaharlanish holati kuzatilgan.
“Dastlabki tashxis noma’lum etiologiyali gastroenterit (me’da va ingichka ichak shilliq qavatining yallig‘lanishi). Kasallik sababini aniqlash uchun bemorlar va oziq-ovqat mahsulotlaridan laboratoriya namunalari olindi va hozirda test natijalari kutilmoqda. Viloyat Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi tegishli tekshiruv o‘tkazmoqda”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Shifoxonada yotqizilganlarning ahvoli yengil, umumiy ahvoli qoniqarli deb baholangan. O‘smirlar doimiy tibbiy kuzatuv ostida. Mahalliy hokimiyat organlari tuman politsiyasi hodisa holatlarini tekshirayotganini bildirgan.
Shuningdek, viloyat hokimi Yerbol Karashukeyevning ko‘rsatmasi bilan viloyat hokimining o‘rinbosarlari voqea joyiga borgan va tezkor guruh yig‘ilish o‘tkazgan. Hozirda barcha bolalar tibbiy kuzatuv ostida ekanligi alohida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olmaotada poyezdda 52 kishi noma’lum gazdan zaharlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi