Qozog‘istonda samolyot qulashi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. So‘nggi ma’lumotlar (foto)

Olam

image

Qozog‘istonning Aqtau shahridagi aeroport hududida yo‘lovchi samolyotining halokatga uchrashi bo‘yicha Ozarbayjonda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ozarbayjon Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Azərbaycan Hava Yolları (AZAL) aviakompaniyasiga tegishli samolyotning Aqtauda halokatga uchrashi bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 262,3-moddasi (havo transporti harakati xavfsizligi va foydalanish qoidalarini buzish oqibatida ehtiyotsizlik bilan ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lish) va 314,3-moddasi (e’tiborsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergovni olib borish Bosh prokuratura Tergov boshqarmasiga topshirilgan.

Jinoyat ishi doirasidagi tergov jarayonlarini olib borish uchun Bosh prokuror o‘rinbosari Elmar Jamalov boshchiligidagi tergov guruhi Qozog‘iston Respublikasiga yuborilgan. Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tergov va boshqa zarur protsessual harakatlarni amalga oshirish maqsadida Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Xalqaro huquqiy yordam haqida iltimosnoma yuborilgan.

“Halokat sabablarini o‘rganish va zudlik bilan choralar ko‘rish maqsadida tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasi samolyot halokati natijasida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi hamda jarohat olganlarning tezroq sog‘ayishini tilaydi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Qozog‘istonning Transport politsiyasi departamenti Jinoyat kodeksining 344-moddasi 3-qismi (Transport vositasidan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzish oqibatida ehtiyotsizlik bilan ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha dastlabki tergov ishlarini boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon aviakompaniyasining Baku-Grozniy reysi bo‘yicha uchayotgan samolyoti Qozog‘istonda halokatga uchragani xabar qilingan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qulagan samolyot bortida 67 yo‘lovchi va 5 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Qozog‘iston FVVga ko‘ra, 32 nafar yo‘lovchi omon qolgan va ular shifoxonaga yetkazilgan. Samolyot yo‘lovchilaridan 37 kishi Ozarbayjon, 16 kishi Rossiya, 6 kishi Qozog‘iston va 3 kishi Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan. Omon qolganlar orasida 14 nafar Ozarbayjon fuqarosi, 10 nafar Rossiya fuqarosi, 2 nafar Qirg‘iziston fuqarosi bor. Uch nafar jarohatlangan shaxsning fuqaroligi hozircha aniqlanmagan. Samolyot qushlar galasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida rul boshqaruvi yo‘qolgan va Atrau shahri aeroportiga favqulodda qo‘nishi zarur bo‘lgan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ushbu aviahalokat munosabati bilan MDHning norasmiy sammitidan Bakuga qaytishini ma’lum qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, barcha jabrlanganlarga tezroq shifo topishini tilagan.


Maqola muallifi

Teglar

samolyot Aqtau

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing