Qozog‘istonda Milliy liboslar kunini joriy etish taklif etildi
Olam
−
22 fevral
4288Qozog‘istonda milliy liboslar kunini joriy etish, maktab o‘quvchilari va davlat xizmatchilari liboslariga qozoq milliy naqshlarini qo‘shish taklif qilindi. Bu taklifni parlament majlisida deputat Daulet Mukayev bildirdi.
Uning aytishicha, Qozog‘istonda milliy liboslar targ‘iboti bir martalik tadbirlar bilan cheklanib qolmasligi, uni kiyish trendga aylanishi kerak.
“Masalan, qardosh qirg‘iz xalqi boshidan kigiz qalpoqlarini yechmaydi – ularga qarab, ularning qirg‘iz ekanini darhol anglash mumkin, hatto Jogorku Keneshda ham deputatlar kigiz qalpoq kiyishadi. O‘zbek xalqi ham do‘ppi va chopon kiyadi, chechen xalqi papaxasi bilan ajralib turadi”, deydi deputat.
Mukayev Qozog‘iston hukumatiga ayrim choralarni ko‘rishni taklif qilgan. Bulardan birinchisi milliy libosni respublika miqyosida e’tirof etish maqsadida milliy liboslar kunini belgilash. Deputatning fikricha, bu madaniy qadriyatlarni ommalashtirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun asos bo‘ladi.
Bundan tashqari, deputat davlat xizmatchilari va davlat xizmatlari markazlari xodimlari kiyimiga qozoq milliy o‘ziga xoslik elementlarini qo‘shishni, shuningdek, maktab formasiga milliy ranglarni kiritishni taklif qildi.
“Maktab o‘quvchilari uchun milliy liboslar standartini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, turli xalqaro musobaqalarga boradigan fuqarolar liboslarida milliy didni aks ettirishni taklif etaman”, deya qo‘shimcha qildi deputat.
Ma’lumot uchun, deputat Mukayevning o‘zi parlament majlislariga turli do‘ppilarda boradi. Bu safar u parlamentga pidjakining rangiga mos keladigan kulrang bosh kiyimda keldi.
Qayd etish joizki, qozoqlarning milliy kiyimlari uchun an’anaviy materiallar charm, mo‘yna, yupqa kigiz va mato bo‘lgan. Qadimda badavlat kishilar xorijdan olib kelingan materiallardan – shoyidan, toladan, baxmaldan kiyim kiygan. Issiq ustki kiyimlar yovvoyi va uy hayvonlarining terisi va mo‘ynasidan tikilgan. Uning ayrim turlari kigizdan qilingan.
Yosh qizlar asosan ikki xil bosh kiyim kiygan: do‘ppi (tahiya) va mo‘ynali bezakli issiq bosh kiyim (borik). Erkaklar bosh kiyimlari ham xilma-xil edi. Ular boshiga turli do‘ppilar, yozgi va qishki bosh kiyimlar kiyishgan.
Yozgi bosh kiyim – qalpoq yupqa kigizdan tikilgan va o‘ziga xos antiqa kesimga ega bo‘lgan. Badavlat qozoqlar orasida u yorqin kashtalar bilan bezatilgan.
LiveBarchasi