Qozog‘istonda mansabdorlarga ChatGPT’dan foydalanish taqiqlandi
Olam
−
15 may
3047Kecha, 14 may kuni Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari Qanish Tuleushin Majlisda davlat xizmatchilariga ChatGPT dan foydalanish taqiqlanganini ma’lum qildi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, u Raqamli rivojlanish vaziri tomonidan xizmat faoliyatida, ayniqsa “xizmatda doirasida foydalanish uchun” belgili hujjatlar bilan ishlashda ChatGPT dan foydalanishni taqiqlovchi buyruq chiqarilganini ta’kidlagan. Tuleushinning so‘zlariga ko‘ra, faqatgina cheklovlar bilan bu masala hal etilmaydi, shuning uchun muqobil yechim sifatida mahalliy neyron tarmoq taklif qilingan.
“Agar kimdir ish unumdorligini oshirish uchun til modelidan foydalanmoqchi bo‘lsa, unda bizning olimlar tomonidan ishlab chiqilgan muqobil yechim mavjud. Bizning katta til modelimiz yopiq konturda, o‘z serverlarimizda joylashgan”, dedi Tuleushin.
U bu choralar ma’lumotlar sizib chiqishining oldini olish uchun zarur ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, ayni paytda biror ish aynan qaysi neyrotarmoq orqali bajarilganini aniqlashning iloji yo‘qligini tan olgan. Uning aytishicha, hozirda istalgan fuqaro istalgan neyron tarmoqdan foydalanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amsterdam munitsipaliteti josuslik va jinoiy maqsadlarda foydalanish tahdidi tufayli davlat xizmatchilariga ish telefonlarida Telegram ilovasidan foydalanishni taqiqlagandi.
LiveBarchasi