Qozog‘istonda kelin o‘g‘rilari 5 yilga qamalishi mumkin
Olam
−
05 fevral 2025 4255 2 daqiqa
Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlaganlar besh yilga qamalishi mumkin. Bu haqda bugun, 5 fevral kuni parlament majlisi chog‘ida deputat Murat Abenov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, endi odam o‘g‘irlash uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi. Qayd etilishicha, taklif hozirda Jinoyat, Jinoyat-ijroiya va Jinoyat-protsessual kodekslarini optimallashtirish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Yangi moddada vaziyatga qarab turli jazo choralari (jarima, jamoat ishlari va qamoq) ko‘zda tutilgan.
“Agar bu bir guruh shaxslar tomonidan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa va biror zarar yetkazilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, degan deputat.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kelin o‘g‘irlash ba’zan “urf-odat” sifatida niqoblanadi, lekin aslida bunday emas.
“Aslida bizda bunday an’analar yo‘q edi. Qizning o‘zi turmushga chiqmoqchi bo‘lsa, ota-onasi rozi bo‘lmasa, qiz qochib ketadi. Ota-onasining moddiy imkoniyati bo‘lmaganida, u qochib, o‘zi turmushga chiqishi mumkin edi. Qozoqlarda hech qachon qabiladan qiz o‘g‘irlash odat bo‘lmagan. Bu har doim og‘ir jinoyat bo‘lib kelgan”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Ma’lumot uchun, hozirda Qozog‘iston jinoiy qonunchiligida kelin o‘g‘irlash bo‘yicha alohida modda yo‘q. Respublikada bunday ishlar bo‘yicha ayblanuvchilar odatda odam o‘g‘irlash moddasi bo‘yicha sudlanadi. Bu moddada 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan, ammo unda o‘g‘irlangan shaxsni o‘z ixtiyori bilan ozod qilgan shaxs, agar uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasa, javobgarlikka tortilmaydi degan band bor.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning mart oyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatda go‘yoki milliy an’analar niqobi ostida kelin o‘g‘irlash amaliyotini joriy etishga urinayotganlar borligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qozog‘istonliklar mamlakatdagi an’anaviy islom qonunlariga qat’iy amal qilgan holda diniy ekstremizm va arxaizmga qarshi turishi kerak.
Live
Barchasi