Qozog‘istonda eng yirik onlayn kazinolar tarmog‘i tugatildi

Olam

image

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Bosh prokuratura bilan birgalikda mamlakatda lotereya klublari niqobi ostida faoliyat yurituvchi eng yirik noqonuniy onlayn-kazinolar tarmog‘ini tugatdi. Bu haqda “Polisia.kz” xabar berdi. 

Maxsus operatsiyada Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik qo‘mitasining 3 mingdan ortiq xodimi ishtirok etgan.

“Jinoyatchilar qimor o‘yinlariga homiylik qilgan, shuningdek, lotto-klublari xodimlari va mijozlariga nisbatan jinoyat sodir etgan. Noqonuniy qimor o‘yinlaridan tashqari, qo‘riqchilar va ma’murlar VIP mijozlar uchun intim xizmatlarni tashkil qilishgan. Pimping va giyohvand moddalarni iste’mol qilish faktlari qayd etilgan. Maxsus operatsiya davomida 400 dan ortiq odam politsiyaga olib ketildi. Jinoiy sxemaning sakkizta asosiy tashkilotchisi, jumladan, yaqin va uzoq xorij fuqarolari qo‘lga olindi”, deydi Qozog‘iston Respublikasi IIV uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Kuandik Alpis.

Butun mamlakat bo‘ylab lotto-klublari binolari va ofislarida 570 ta tintuv o‘tkazilgan.

Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan 23 dona o‘qotar qurol va travmatik qurollar, 247 million tenge (546,5 ming dollar), 55 million Rossiya rubli, 125 ming dollar, shuningdek, boshqa ashyoviy dalillar musodara qilingan.

Amaliyot natijasida respublika bo‘ylab 326 ta loto klubi faoliyatiga chek qo‘yilgan. Shuningdek, Qozog‘istonda xorijdan onlayn kazinolar translyatsiya qilinadigan serverlar o‘rnatilgan va bloklangan.

Ma’lum bo‘lishicha, administratorlar o‘yinlar natijasini qo‘lda tartibga solishlari mumkin bo‘lgan. Ilgari o‘tkazilgan ekspertiza hibsga olingan shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlarini tasdiqlagan.

“Suddan oldingi tergov shuni ko‘rsatdiki, loto klublarining oylik umumiy foydasi faqat bitta hududda o‘rtacha 300 million tenge (663,8 ming dollar), mamlakatning barcha hududlaridan mos ravishda 6 milliard tenge (13,2 million dollar)ni tashkil qilgan. Shu bilan birga, mablag‘larning qariyb 70 foizi xorijga o‘tkazilgan. Tashkilotchilardan faqat birining bank hisob raqamiga har oy 900 million tenge (1,9 million dollar) tushgan”, deydi Kuandik Alpis.

Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bilan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ayblanuvchilar uyushgan jinoiy guruh tuzish, unga rahbarlik qilish va unda ishtirok etishda ayblanmoqda.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda 350 mingga yaqin shaxslar qimor o‘yinlariga qaram bo‘lib, har birining o‘rtacha qarzi taxminan 10 million tenge (22 ming dollar)ni tashkil qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston onlayn kazinolar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing