Qozog‘istonda endi narkosavdogarlar umrbod qamalishi mumkin
Olam
−
02 yanvar
1441Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev parlament tomonidan tasdiqlangan narkotik moddalar ishlab chiqarganlik va sotganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Ushbu qonunga ko‘ra, aybdor shaxslarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Shu bilan birga. narkotik moddalarni yashirgan shaxslarga nisbatan jazo yengillashtiriladi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonun narkotik moddalarni ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash va sotish jinoyati uchun javobgarlikni oshiradi. Ushbu jinoyatlar uchun endi 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi, shuningdek, mol-mulkni musodara qilish jazosi tayinlanadi.
Ta’lim muassasalari va voyaga yetmaganlar orasida narkotik moddalarni tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslarga ham qattiq jazo belgilangan. Ushbu jinoyat uchun aybdorlarga 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va mol-mulkni musodara qilish jazosi qo‘llaniladi.
Qonun mansabdor shaxslar tomonidan narkotik moddalar tarqatish uchun javobgarlikni ham kuchaytirdi. Avval ushbu jinoyat uchun 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan bo‘lsa, endi bu jazo 15 yildan 20 yilgacha bo‘lib, mol-mulkni musodara qilish jazosi ham qo‘llaniladi.
Qonun narkotik moddalarni yashirgan shaxslar uchun jazoni yengillashtirdi. Agar birinchi marta va og‘irlashtiruvchi holatlar bo‘lmasa, jazo muddati 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va mol-mulkni musodara qilish sifatida belgilanadi. Avval bu jazo 5 yildan 10 yilgacha edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda narkotik moddalarga oid jinoyatlarda ishtirok etgan davlat xizmatchilari umrbod qamalishi mumkinligi xabar qilingandi. Ushbu tashabbus Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi – Majlis deputatlari tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
LiveBarchasi