Qozog‘istonda AQSHning ta’siri kengaydi – Rossiya TIV
Olam
−
09 noyabr 2023
7211Amerika Qo‘shma Shtatlari Qozog‘istonda o‘z ta’sirini kengaytirmoqda. Bu fikrni Rossiya Tashqi ishlar vazirligining MDH davlatlari bo‘yicha uchinchi departamenti direktori Aleksandr Sternik bildirdi.
Tashqi ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu ta’sir birinchi navbatda tinchlikparvar kuchlar va harbiy xizmatchilarni tayyorlash dasturi orqali kuchaymoqda.
Oktyabr oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonda NATO markazi ochilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Keyinroq mamlakat harbiy boshqarmasi bu ma’lumotni rad etdi va gap Qozog‘iston Mudofaa vazirligining Tinchlikni saqlash operatsiyalari markazida yangi konferensiya zali ochilishi haqida ketayotganini tushuntirdi.
“2006 yildan buyon BMTning tinchlikparvar operatsiyalarida qatnashish uchun kontingentlarni tayyorlash mezonlariga javob beradigan NATO standartlari bo‘yicha harbiy, politsiya va fuqarolik xodimlarini tayyorlab kelmoqda. Shuning uchun Qozog‘istonda “NATO markazi” ochish haqida gapirish to‘g‘ri emas. Shu bilan birga, Amerika tomoni Qozog‘istonda tinchlikparvar kuchlarni, umuman harbiy xizmatchilarni tayyorlash dasturlariga o‘z ta’sirini kengaytirish manfaati yo‘lida bunday harakatlar bilan o‘zini “reklama” qilishga urinayotgani ko‘rinib turibdi”, deydi u.
Biroq, uning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda amerikalik harbiy mutaxassislarning mavjudligi haqida hech qanday gap yo‘q. Chunki KXSHTning barcha a’zolari ittifoqchilar bilan kelishilmagan holda uchinchi davlatlarning harbiy kontingentlarini joylashtirishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini bajaradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ba’zi davlatlar qonuniy hukumatni, an’anaviy qadriyatlarni va umuman Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlaridagi vaziyatni buzishga harakat qilayotganini iddao qilgandi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15