Qozog‘istonda AES quriladigan joy tasdiqlandi
Olam
−
25 fevral 2025 6951 1 daqiqa
Qozog‘iston hukumati atom elektr stansiyasini (AES) qurish joyini belgilovchi qaror qabul qildi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, qaror 2024 yil 30 dekabrda qabul qilingan, biroq bugun, 25 fevral kuni e’lon qilingan. Qarorga ko‘ra, AES Olmaota viloyatining Jambil tumanida quriladi. Qurilishning aniq joyi ko‘rsatilmagan, biroq 2023 yilda Qozog‘iston Energetika vazirligi olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, AES qurilishi uchun Jambil tumani Ulken qishlog‘i eng maqbul hudud deb topilgan.
Ulken qishlog‘i 1984 yilda tashkil etilgan. O‘sha paytda u yerda Janubiy Qozog‘iston davlat issiqlik elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan, ammo loyiha amalga oshmay qolgan. 1997 yilda Qozog‘iston Yadro jamiyati tashabbusi bilan bu maydon AES qurish uchun ajratilishi taklif qilingan, biroq ekologlar va mahalliy aholi noroziligi tufayli qurilish bekor qilingan.
Masofa jihatidan Ulken qishlog‘i Toshkentdan 550 km, Bishkekdan 264 km, Olmaotadan 322 km uzoqlikda joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda AES qurish to‘g‘risidagi qaror o‘tgan yili o‘tkazilgan referendumda қаbuл qilingan edi. Mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishini referendum ishtirokchilarining 71,12 foizi qo‘llab-quvvatlagan. AES 2035 yilgacha qurilishi rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 10-12 milliard dollarga baholanmoqda.
Live
Barchasi