Qozog‘istonda 2025 yilda saylov bo‘ladimi?
Olam
−
03 yanvar
4080Qozog‘istonda muddatidan oldin parlament va prezident saylovlari bo‘lishi haqidagi xabarlar paydo bo‘lmoqda. Mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa “Ana tili” gazetasiga bergan intervyusida buni rad etdi.
"Nazarimda, parlament saylovlarini muddatidan oldin o‘tkazish uchun hozircha hech qanday shart-sharoit yo‘q. Saylov qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda o‘tkaziladi. Parlament uzoq muddatli ishlarga qaratilgan. Hukumat tasdiqlangan dastur va rejalar asosida ish olib boradi va ijobiy natijalarga erishish sari bosqichma-bosqich harakat qilmoqda. Strategik maqsad – mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash va mintaqaviy yetakchilikni mustahkamlash", dedi To‘qayev.
Shuningdek, Prezident 2026 yilda BMTga rahbarlik qilishni rejalashtirayotgani va shu munosabat bilan mamlakatda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi haqidagi xabarlarga ham izoh berdi.
"Men BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va Qurolsizlanish bo‘yicha konferensiya Bosh kotibi sifatida qariyb uch yil davomida BMTning Jeneva ofisiga rahbarlik qilish imkoniga ega bo‘ldim. Foydali tajriba va xalqaro jarayonlar mexanizmlari haqida tushunchaga ega bo‘ldim. Menimcha, bu yetarli darajada ko‘p. Mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha uzoq yillarga mo‘ljallangan katta rejalarim bor, ularni amalga oshirish niyatidaman", dedi Prezident.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda oxirgi parlament saylovlari 2023 yil 19 mart kuni bo‘lib o‘tgan. Majlis deputatlari saylovi bilan bir qatorda barcha darajadagi (tuman, shahar, viloyat) maslahatlar deputatlari saylovi ham bo‘lib o‘tdi. Saylov natijalariga ko‘ra, "Amanat" partiyasi parlament Majlisida eng ko‘p o‘rin egalladi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining navbatdan tashqari saylovi esa 2022 yil 20 noyabrda bo‘lib o‘tdi. Unda 81,31 % ovoz bilan Qosim-Jomart To‘qayev g‘alaba qozondi.
LiveBarchasi