Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasida 1 milliard dollarlik kelishuvlar imzolandi

Olam

image

Kecha, 10 may kuni Anqarada Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Turkiyaga tashrifi chog‘ida umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan kelishuvlar imzolandi. Bu haqda u turkiyalik hamkasbi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

“Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, 1 milliard dollarlik hujjatlar imzolandi”, deydi Qozog‘iston Prezidenti. 

To‘qayev Turkiyani juda muhim strategik hamkor deb atadi va Erdo‘g‘anni Qozog‘istonga tashrif buyurishga taklif qildi.  

“Muhtaram Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni mamlakatimizga tashrif buyurishga taklif qilaman”, dedi u. 

Qozog‘iston va Turkiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida 14 ta, jumladan, strategik sheriklik to‘g‘risidagi hujjat ham imzolandi

Turkiya Prezidenti ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanadigan yilda imzolangan kelishuv va memorandumlar muhimligini qayd etdi. Erdo‘g‘an, shuningdek, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini deyarli ikki barobarga – yiliga 5,3 milliard dollardan 10 milliard dollargacha oshirish rejalarini ham ma’lum qildi.

Qosim-Jomart To‘qayev yana bir muhim sanani eslatdi. Bu yil qozoq ko‘chmanchilarning turk tuprog‘ida boshpana topganiga 70 yil to‘ldi. Ularga o‘sha paytda Turkiya Bosh vaziri bo‘lgan Adnan Menderes katta yordam bergan. Davlat rahbari yaqinda Olmaotadagi ko‘chalardan biriga ushbu taniqli siyosatchi nomi berilganini ta’kidladi.

Ma’lumot  uchun, Turkiya Qozog‘istonning yetakchi beshta savdo hamkori qatoriga kiradi. Mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yil sayin ortib bormoqda. 2021 yilda u 5 milliard dollardan oshdi. 

Turkiya Qozog‘istondagi eng sarmoyador 10 davlatdan biridir. Qozog‘iston iqtisodiyotiga 4 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Qozog‘iston Turkiya iqtisodiyotiga 1 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Qosim-Jomart To'qaev Qozog'iston-Turkiya

Baholaganlar

29

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing