Qozog‘iston va Qatar hamkorlik bo‘yicha 12 ta hujjatni imzoladi
Olam
−
12 Oktabr 2022
2978Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikka oid 12 ta hujjatni imzoladi. Bu haqda bugun, 12 oktyabr kuni kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha respublika Prezidenti matbuot xizmatida ma’lum qilindi.
Iqtisodiy hamkorlikka oid hujjatlar orasida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitim, savdo, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, turizm va marketing faoliyati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum bor.
Shu bilan birga, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, Ostona shahri hokimligi va Doha munitsipaliteti o‘rtasida qardosh shahar munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi. Mamlakatlar sog‘liqni saqlash, sport va san’at sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Qolaversa, davlatlar rahbarlari diplomatlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladilar hamda diplomatik va maxsus pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritdilar.
Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, tomonlar Qozog‘iston-Qatar munosabatlarining holati va rivojlanish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar. Qozog‘iston Prezidenti Qatarni xalqaro hamjamiyatning nufuzli a’zosi deb bilishini aytdi.
Ol Soniy Qozog‘iston bilan har tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi, shuningdek, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida, jumladan, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash doirasidagi ishlarni davom ettirish tarafdori ekanini ta’kidladi.
“Bu muhim voqea. Bu davr mobaynida biz davlatlararo yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. An’anaviy do‘stlik va mustahkam sheriklik rishtalariga asoslangan konstruktiv siyosiy muloqot o‘rnatildi. Qatar davlatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani va mamlakatimiz rivojiga qo‘shgan hissasi bizni hamisha yodimizda saqlanadi. Qozog‘iston-Qatar munosabatlarini yanada mustahkamlashga tayyormiz”, deya xulosa qilgan Qozog‘iston Prezidenti.
Qatar Amirining Qozog‘istonga tashrifi haqida
Qatar amiri 11 oktyabr kuni kuni davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga keldi. U 13 oktyabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida ishtirok etadi. Uchrashuvda Ozarbayjon, Iroq, Eron, Qatar, Qirg‘iziston, Falastin, Rossiya, Tojikiston, Turkiya va O‘zbekiston rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Belarus Prezidenti forum ishida ishtirok etadi, chunki respublika Kengashda kuzatuvchi hisoblanadi.
LiveBarchasi