Qozog‘iston va AQSH o‘rtasida 17 mlrd dollarlik shartnomalar imzolandi
Olam
−
07 noyabr 3578 2 daqiqa
Kecha, 6 noyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida 17 milliard dollardan ortiq qiymatdagi kelishuvlar imzolangani va ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilgani e’lon qilindi. Bu haqda Oq o‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda To‘qayev Amerika rahbariga Vashingtonga taklif va Qozog‘iston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik izhor qildi. U Donald Trampning prezidentligi tarixiy ahamiyatga ega ekanini, uning rahbarligida AQSH dunyodagi yetakchi iqtisodiy, siyosiy va texnologik derjava sifatida mavqeini mustahkamlayotganini ta’kidladi.
To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, Trampning rahbarligi dunyo xavfsizligi, barqarorligi va farovonligi yo‘lida hal qiluvchi hissa qo‘shmoqda.
Qozog‘iston rahbari AQSH Prezidentining tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarini, jumladan TRIPP — “Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li” dasturini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning fikricha, bu tashabbus O‘rta koridorni (Trans-Caspian International Transport Route) yanada rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Donald Tramp, o‘z navbatida, AQSHning Qozog‘iston bilan ko‘p qirrali strategik sheriklikni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqladi.
Uchrashuv doirasida Qozog‘iston va AQSH kompaniyalari o‘rtasida 17 milliard dollardan ortiq tijorat shartnomalari imzolangani ma’lum qilindi. Suhbat davomida ikki davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Shuningdek, Prezidentlar jahon siyosatidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi, xususan mintaqaviy barqarorlik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga to‘xtaldi.
Eslatib o‘tamiz, Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Qozog‘iston va AQSH Prezidentlari Qosim-Jomart To‘qayev va Donald Tramp hamda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ishtirokida qo‘shma telefon suhbati amalga oshirilgandi. Suhbatning asosiy mavzusi — Qozog‘iston Respublikasining Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish niyati bo‘ldi. Keyinroq Tramp Markaziy Osiyo yetakchilari bilan o‘tkazgan sammitda Qozog‘iston Ibrohim kelishuvlariga rasman qo‘shilganini e’lon qildi.
Live
Barchasi