Qozog‘iston Ibrohim kelishuvlariga qo‘shildi – Tramp
Olam
−
07 noyabr 5821 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp bugun, 7 noyabr (Vashington vaqti bilan 6 noyabr) kuni Qozog‘iston Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishini ma’lum qildi. Bu kelishuv Islom dini ustuvor bo‘lgan mamlakatlar bilan Isroil o‘rtasida munosabatlarni normallashtirishni ko‘zda tutadi.
Trampning bayonotiga ko‘ra, u bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng e’lon qilgan.
“Yaqin kunlarda buni rasmiylashtirish uchun imzolash marosimini o‘tkazamiz. Bu kuchli mamlakatlar klubiga qo‘shilishni istagan yana ko‘plab davlatlar bor”, deb yozdi Tramp Truth Social platformasida.
Qozog‘iston allaqachon Isroil bilan to‘liq diplomatik va iqtisodiy aloqalarga ega, shu bois bu qadam asosan ramziy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Tramp hozir Oq uyda To‘qayev va yana to‘rt Markaziy Osiyo davlati rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu uchrashuv AQSHning Rossiya ta’siri kuchli va Xitoy ta’siri ortib borayotgan mintaqada o‘z nufuzini oshirish harakatlari doirasida bo‘ldi.
“Bu kechada shuni e’lon qilishdan sharafdamanki, Qozog‘iston Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishga rasman rozi bo‘ldi. Qozog‘iston Ibrohim kelishuvlariga rasman qo‘shildi”, dedi Tramp Markaziy Osiyo yetakchilari bilan o‘tkazgan tushlikda.
Masalaga yaqin bo‘lgan “Reuters” manbasiga ko‘ra, AQSH Qozog‘istonning qo‘shilishi orqali Ibrohim kelishuvlarini qayta faollashtirishga umid qilmoqda. Bu jarayon G‘azodagi urush tufayli bir muddat to‘xtab qolgan edi.
Tramp o‘zining ilk prezidentlik davrida bu kelishuvlarni ishlab chiqqan va ularni kengaytirish niyatida ekanini bir necha bor ta’kidlagan.
2020 yilda Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn Tramp vositachiligida Isroil bilan munosabatlar o‘rnatgan. Shu yilning o‘zida Marokash ham Isroil bilan diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘ygan.
Tramp so‘nggi paytlarda G‘azodagi otashkesimdan so‘ng Saudiya Arabistoni ham kelishuvga qo‘shilishi mumkinligidan umidvorligini bildirgan, ammo Ar-Riyod Falastin davlatchiligi bo‘yicha harakatsiz holda olg‘a siljishga tayyor emasligini bildirib kelmoqda.
Saudiya valiahd shahzodasi Muxammad bin Salmon 18 noyabr kuni Oq uyga tashrif buyurishi kutilmoqda.
“Reuters”ning yozishicha, Ozarbayjon va O‘zbekiston – har ikkalasi ham Isroil bilan yaqin munosabatlarga ega – kelgusida Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar sifatida tilga olinmoqda. Bu kelishuvlar Trampning ilk prezidentlik muddatidagi eng muhim tashqi siyosiy yutuqlaridan biri sifatida baholanadi.