Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarani qachon ochishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
05 may 2020
47976Sardoba suv omborining dambasi o‘pirilishi sabab kelib chiqqan favqulodda vaziyat barqarorlashgandan so‘ng, Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarani ochadi. Bu haqda Turkiston viloyati hokimi Umirzak Shukeyev ma’lum qildi.
"Joriy 1 may kuni kelib chiqqan toshqin sabab chegara kollektorlari suv bilan to‘lib qolgan edi. Toshqin tufayli favqulodda holat e’lon qilindi. Bugungi kunga qadar 14 aholi punktidan 31 606 nafar aholi evakuatsiya qilindi. beshta aholi punktini suv bosdi, 7 aholi punktida hanuzgacha xavf yuqori. Shuningdek, Mirzakent va Aqjol aholi punktlarida suv toshqini xavfi bartaraf etildi va aholi o‘z uylariga qaytishdi", deydi Shukeyev.
Uning eslatishicha, 2 may kuni tezkor shtab tashkil etilgan, 986 kishi va 180 dan ortiq texnika jalb qilingan. Suv nasoslari Qizilo‘rda, Jambil viloyatlari va Chimkentdan olib kelingan. Milliy gvardiyadan 413 harbiy va 37 dona texnika safarbar etildi. Bundan tashqari, 323 harbiy xizmatchi va 26 dona texnika Milliy gvardiya tomonidan Olma-otadan olib kelindi. Hozirgacha 19 ta evakuatsiya punkti ochilgan.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar tufayli bugungi kunda dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 845 uy, 3 maktab, 5 bolalar bog‘chasi, 4 tibbiyot muassasasi, 1 madaniyat uyi suv ostida qolgan.
"Zenis ko‘prigi qishlog‘ida, 54,7 km uzunlikdagi mintaqaviy magistral suv ostida qoldi. Yana shuni aytmoqchimanki, 7 639 gektar ekin maydoni suv ostida. Bugun biz zararni hisoblashni amalga oshiramiz. Shundan so‘ng qo‘shimcha hisobot beramiz", deydi viloyat hokimi.
Viloyat hokimi O‘zbekistonda bo‘lib qaytganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, tez orada O‘zbekistondan Turkiston viloyatiga yordam jo‘natiladi.
"Biz O‘zbekistonda bo‘lib qaytdik. U yerda hamkasblar bilan suhbatlashdik, xavfli joylarni ko‘rib chiqdik. Kogali aholi punkti yaqinida biz qo‘shimcha ravishda kanallar qazishni reja qildik. Umuman olganda, O‘zbekiston yaqindan hamkorlik qilmoqda. Vaziyat barqarorlashgandan keyin ular bizning viloyatimizga kelib, yordam berishadi. O‘z navbatida, biz chegarani ochishimiz kerak", deydi hokim Shukeyev.
Avvalroq, mart oyi o‘rtalarida Qozog‘iston va O‘zbekiston koronavirus tarqalishini oldini olish uchun chet elliklar bilan chegaralarini yopgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston tomoni ushbu suv omborini qurishda O‘zbekiston ular bilan maslahatlashmaganini iddao qildi. Ma’lum qilinishica, Qozog‘iston suv toshqini natijasida hozirgacha 423 ming dollar zarar ko‘rgan.
LiveBarchasi