Qozog‘iston Turkiyaga yana qutqaruvchilar jo‘natyapti

Olam

image

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari bo‘lgan yana bir samolyot halokatli zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Turkiyaga jo‘nab ketdi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tegishli ko‘rsatma berdi, deb xabar qilmoqda respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati. 

Ikkinchi eshelon 60 nafar shaxsiy tarkibdan iborat bo‘lib, ular orasida qutqaruvchilar, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Tabiiy ofatlar tibbiyoti markazi shifokorlari, kinologiya otryadlari bor. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘linmalari 150 ga yaqin turdagi avariya-qutqaruv asbob-uskunalari, 160 dan ortiq turdagi dori vositalari bilan qurollangan. 

Zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha markaziy shtab bilan kelishilgan holda Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ikkinchi guruhi G‘oziantep shahrida qidiruv-qutqaruv ishlariga qo‘shiladi. Turkiyaga jalb qilingan qozog‘istonlik qutqaruvchilarning umumiy soni 100 kishini tashkil qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 fevral kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Ostonadagi Turkiya elchixonasiga borib, hamdardlik kitobiga qayd qoldirgan edi. 

6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida (mahalliy vaqt bilan 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) magnitudasi yetti balldan ortiq bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi. 

Turkiya janubi-sharqida sodir bo‘lgan dahshatli zilzila qurbonlari soni 8 mingdan oshdi. 

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat munosabati bilan yetti kunlik milliy motam e’lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga tushirildi. 

Vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Gretsiya Kipr va Iroqda ham sezildi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiyadagi zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing