Qozog‘iston “Tolibon”ni tan oldimi? TIV vakili javob berdi
Olam
−
20 avgust 2021
10665Qozog‘iston rasmiylari Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatgan “Tolibon” harakatini tan olmadi. Bu haqda bugun, 20 avgust kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Akan Rahmatullin brifingda ma’lum qildi.
TIV vakili Qozog‘istonning “Tolibon”ga nisbatan pozitsiyasi haqidagi savolga javob berarkan, Afg‘onistondagi vaziyat vazirlikning diqqat markazida turganini aytgan.
“Biz “Tolibon”ni tan olmadik. Ular bilan hech qanday siyosiy aloqa bo‘lmadi. Biz bu mamlakatdagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz”, deydi Rahmatullin.
Uning ta’kidlashicha, Qozog‘iston BMT Xavfsizlik Kengashining Afg‘onistonda inklyuziv va vakillik hukumati tuzish, milliy ozchilik vakillari va ayollarning huquqlarini hurmat qilish, boshqa davlatlarga tahdid soluvchi guruhlar mavjud bo‘lishining oldini olish hamda xalqaro qonunlarga rioya qilish zarurligi haqidagi bayonotini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Shu bilan birga, ko‘p yillik tajriba afg‘onlarning o‘zlari olib borayotgan tinchlik jarayoniga muqobili yo‘qligini aniq tasdiqladi. Davlat va ijtimoiy tuzilishning eng maqbul modelini tarixiy tajriba, ijtimoiy-siyosiy voqeliklardan kelib chiqqan holda afg‘onistonliklarning o‘zlari belgilashlari kerak bo‘ladi”, deydi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi quladi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Shu bilan mamlakatda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi.
2001 yil Afg‘onistonga kirgan AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining asosiy qismi mamlakatni tark etdi. G‘arb davlatlarining Qobulda qolgan kuchlari diplomatlarni va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bilan band. “Tolibon” siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda 20 yil davom etgan urush tugaganini e’lon qildi.
Hokimiyatga toliblar kelganidan keyingi dastlabki kunlarda Qobul aeroportida tartibsizlik hukm surdi: odamlar diplomatik xodimlarni mamlakatdan olib ketayotgan xorijiy samolyotlarga hujum qildi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bir necha kishi samolyot bortidan yiqilib vafot etgan.
LiveBarchasi