Qozog‘iston tankerlariga hujum ortidan AQSH Ukrainani ogohlantirdi — WSJ (video)
Olam
−
26 iyul 15345 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp administratsiyasi kemachilik sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan so‘ng Ukrainani Qora dengiz akvatoriyasida Rossiyaga tegishli bo‘lmagan neft tankerlariga zarba berishdan ogohlantirdi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashr manbasining tushuntirishicha, Vashingtonni ayniqsa Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) xavfsizligi xavotirga solmoqda — bu Qozog‘iston neftini Yevropa bozorlariga yetkazib berishning asosiy yo‘nalishi bo‘lib, Rossiya energiya resurslariga muqobil sifatida ko‘riladi.
Muhokamalarga joriy yil 19 iyul kuni Novorossiyskdagi KQK dengiz terminaliga dronlar tomonidan qilingan hujum sabab bo‘lgan. O‘sha hujum oqibatida tankerlarga neft ortish to‘xtatib qo‘yilgan. KQK bayonotida kompaniya sanksiyalar ostida emasligi, u Rossiya, AQSH, Qozog‘iston va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining eng yirik yoqilg‘i-energetika majmuasi korxonalarini birlashtirishi, ob’ekt va fuqarolik kemalariga qilingan hujum esa “KQKga a’zo mamlakatlar manfaatlariga hujum” ekani ta’kidlangan. Konsorsium, shuningdek, sodir bo‘lgan voqeani xalqaro huquq himoyasidagi fuqarolik ob’ektiga nisbatan “to‘g‘ridan to‘g‘ri tajovuz” deb atagan.
WSJ yozishicha, Oq uy bilan, xususan, AQSHning Chevron kompaniyasi aloqaga chiqqan. U KQK aksiyalarining 15 foiziga va Qozog‘istondagi Tengiz koni aksiyalarining 50 foiziga egalik qiladi (bu kon kompaniyaning dunyo bo‘yicha jami qazib olish hajmining taxminan 12 foizini ta’minlaydi). Kompaniya rahbariyati neft bozoridagi vaziyatni muhokama qilish va mintaqadagi o‘z manfaatlarini himoya qilishga urinish uchun yuqori lavozimli amerikalik mulozimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. So‘nggi yillarda Chevron Tengizda qazib olishni kengaytirishga qariyb 48 milliard dollar investitsiya kiritib, quvvatni kuniga 1 million barrelgacha oshirgan edi.
Chevron tahlilchilarining fikricha, agar Ukraina hujumlarni davom ettirsa, kompaniya kondagi qazib olish hajmini qisqartirishga majbur bo‘ladi.
Nashrning qayd etishicha, quvur va neft konlari shikastlanmagan, ammo qazib olishning uzoq muddatli qisqarishi Chevron’ning ushbu mintaqadan oladigan pul tushumlarining salmoqli qismini xavf ostiga qo‘yadi. KQK quvuri orqali har kuni taxminan 1,4 million barrel neft tashiladi, uning katta qismi Yevropa bozorlariga yo‘naltiriladi.
Shu hafta boshida Novorossiyskdagi KQK terminali dronlar hujumi sababli o‘z ishini vaqtincha to‘xtatdi, Qozog‘iston esa qazib olishni qisqartirishga majbur bo‘ldi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston neft eksportining qariyb 80 foizi konlarni Qora dengiz terminali bilan bog‘laydigan KQK tizimi orqali o‘tadi. Qozog‘iston TIV hujumlarni qoralab, ularni qabul qilib bo‘lmas deb atagan hamda bu respublikaning iqtisodiy manfaatlarini buzishi va global energetika bozori barqarorligiga putur yetkazishini ma’lum qilgan.
O‘z navbatida, Ukraina KQK terminalidagi tankerlarga qilingan hujumlarga aloqadorligini rad etgan.
Live
Barchasi