Qozog‘iston superprezidentlik boshqaruv shaklidan voz kechdi – To‘qayev
Olam
−
10 fevral 1360 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat prezidentlik respublikasiga o‘tayotganini e’lon qildi. Bu haqda u bugun, 10 fevral kuni hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z ochdi.
Prezident nutqida Qozog‘iston nihoyat prezident vakolatlari haddan tashqari kuchli va boshqa hokimiyat tarmoqlari (parlament, hukumat, sud) unga real muvozanat yarata olmaydigan superprezident boshqaruv shaklidan voz kechilganini alohida urg‘ulagan.
“So‘nggi yillardagi siyosiy islohotlarga umumiy nazar tashlasak, Qozog‘iston nihoyat superprezident boshqaruv shaklidan voz kechib, ishonchli va nufuzli parlamentga ega bo‘lgan prezident respublikasiga o‘tganini ko‘rish mumkin”, degan To‘qayev.
Unga ko‘ra, taklif etilayotgan o‘zgarishlar tabiiy ravishda ushbu jarayonni davom ettiradi. 2022 yilgi konstitutsiyaviy islohotni ham o‘z ichiga olgan so‘nggi yillardagi siyosiy transformatsiyalar bilan bir qatorda, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarurati tug‘ilgan.
Qozog‘iston rahbarining ta’kidlashicha, yangi Konstitutsiya loyihasida nazarda tutilgan normalar Qozog‘iston siyosiy tizimining “kuchli prezident, nufuzli parlament va hisobdor hukumat” konsepsiyasiga asoslangan rivojlanishidagi izchillik va mantiqni mustahkamlaydi.
“Asosan gap yangi davlat boshqaruv tizimini yaratish haqida bormoqda. Taklif etilayotgan tuzatishlar vakolatlarni qayta taqsimlash imkonini beradi, tekshiruv va muvozanat tizimidagi muvozanatni kuchaytiradi va eng muhimi barcha siyosiy institutlarning samaradorligi hamda barqarorligini oshiradi. Yangi Konstitutsiya loyihasida “shaxs davlat uchun emas, davlat shaxs uchundir” tamoyili yanada real mazmun kasb etdi. 2019 yildan buyon biz izchil ravishda aynan shunga intilib kelmoqdamiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, https://qalampir.uz/news/rasman-k-ozogistonda-yana-konstitutsiyaviy-uzgarishlarga-start-berildi-130598 Qosim-Jomart To‘qayev joriy yilning 21 yanvar kuni konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiya tuzish haqidagi farmonni imzolagan edi. Komissiya muntazam yig‘ilishlar o‘tkazib, parlament islohoti bo‘yicha takliflarni tahlil qilmoqda hamda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar tayyorlamoqda. Ish jarayonida komissiya a’zolari Asosiy qonunning barcha bo‘limlari va 77 ta moddasiga taalluqli takliflarni batafsil ko‘rib chiqqan, bu hujjat matnining 84 foizini tashkil etadi.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar:
1998 yilda – prezident va parlament deputatlarining vakolat muddatlari uzaytirildi. 2007 yil – proporsional saylov tizimiga o‘tildi va Birinchi Prezidentga cheksiz marta saylanish huquqi berildi. 2011 yil – muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. 2017 yil – ayrim prezidentlik vakolatlari parlament va hukumatga o‘tkazildi. 2019 yil – poytaxt nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirilishi munosabati bilan tuzatish kiritildi. 2022 yil – umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismi (33 ta modda) o‘zgartirildi. Prezidentlik muddati 7 yil – bir martalik etib belgilandi.
Live
Barchasi