Qozog‘iston Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berishdan bosh tortdi
Olam
−
24 Oktabr
5706Qozog‘iston hukumati Rossiyaning xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun mamlakat hududidan foydalanishiga qarshi ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko Polshaning PAP agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Qozog‘iston Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llamadi va sanksiyalarga qo‘shilmadi. Shu bilan birga, biz hududimizdan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilishini xohlamaymiz”, dedi Vasilenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ostona pozitsiyasi barcha manfaatdor tomonlarga ma’lum va tushunarli bo‘lib, bu holat Rossiyada ham, G‘arbda ham to‘g‘ri qabul qilinadi. Vasilenkoning ta’kidlashicha, sanksiyalarni chetlab o‘tmaslik uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda, chunki respublika ikkilamchi sanksiyalar joriy etilishini istamaydi.
Shuningdek, u Ostona va Moskva o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda muammo yo‘qligini, lekin “turli masalalar” mavjudligini, chunki ikki qo‘shni davlatning o‘zaro munosabatlari juda xilma-xil ekanini bildirgan.
Ma’lumot uchun, G‘arb kompaniyalari Rossiya bozorini tark etganidan so‘ng, Qozog‘iston Rossiyaga mahsulot olib kirish bo‘yicha yirik markazga aylangan. Biroq o‘tgan yilning aprel oyida Qozog‘iston hukumati YeOII chegarasi orqali mahsulotlarni o‘tkazishga nazoratni kuchaytirgan, oktyabr oyida esa Rossiyaga 106 ta sanksiyaga tushgan mahsulotni eksport qilishni taqiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Berlinda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida Ostonaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilishini bildirgan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr