Qozog‘iston Prezidenti yangi iqtisodiy kurs e’lon qildi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kecha, 1 sentyabr kuni xalqiga “Adolatli Qozog‘istonning iqtisodiy kursi” deb nomlangan murojaatnoma bilan chiqdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari parlamentda so‘zlagan nutqida bo‘lajak tarkibiy iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan. 

“Hozirgi bosqichda eng muhim vazifa – mamlakatning kuchli sanoat bazasini shakllantirish hamda iqtisodiy o‘zini o‘zi ta’minlash. Shuning uchun asosiy e’tibor ishlab chiqarish sohasini jadal rivojlantirishga qaratilishi kerak”, degan To‘qayev.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, metallarni chuqur qayta ishlash, neft, gaz va ko‘mir kimyosi, og‘ir mashinasozlik, uranni konversiyalash va boyitish, avtomobil butlovchi qismlari va o‘g‘itlar ishlab chiqarish kabi sohalarga e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, To‘qayev Qozog‘istonning sayyohlik salohiyatidan foydalanishni taklif qilgan.

“Yangi sanoat siyosati orqali biz rivojlanishning sifat jihatidan boshqacha modeliga o‘tishimiz kerak. Davlat yirik korxonalar bilan birgalikda mamlakatdagi ishlab chiqarish siklini “yopib qo‘yishi” kerak. Buning uchun ham tartibga solish, ham rag‘batlantirish mexanizmlaridan foydalanish darkor. Ishlab chiqarish sanoati xomashyoni yetarli miqdorda va mos narxlarda olishi zarur”, deydi u.

To‘qayevning aytishicha, hozir ko‘plab davlatlar ichki bozorni himoya qilish choralarini faol qo‘llamoqda. Rivojlangan mamlakatlar ham sanoatning proteksionistik siyosatiga o‘tgan. JST tasnifiga ko‘ra, Qozog‘istonda ichki bozorni himoya qilish darajasi past deb hisoblanadi.

“Shuning uchun bizga savdo siyosatida yangi, dadil yondashuvlar kerak. Davlat mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishga majbur. Bu bizning iqtisodiyotimizni tashqi dunyodan yopish uchun signal emas: u ochiq qolishi kerak, lekin milliy biznes manfaatlarini ham hisobga olish lozim”, deb tushuntirgan Prezident.

Shuningdek, u ishlab chiqarish sanoatini qo‘llab-quvvatlash uchun xorijiy va qozog‘istonlik investorlarni dastlabki uch yil davomida soliq va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lashdan ozod qilish kerak, deb hisoblashini bildirgan. Bundan tashqari, davlat rahbari uch yil ichida agrosanoat majmuasida qayta ishlash mahsulotlari ulushini 70 foizga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Bu qayta ishlashni rag‘batlantiradigan soliq siyosatini qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. Go‘sht, sut va g‘allani chuqur qayta ishlash, sanoat issiqxonalarini rivojlantirish istiqbolli yo‘nalishlar sanaladi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston yalpi ichki mahsuloti tarkibida transport-logistika sektorining ulushi yaqin uch yilda kamida 9 foizga yetishi kerak. (2022 yilda - 6,2 foiz). Prezident Xitoydan Yevropa, Rossiya, Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlarga tovar ayirboshlash hajmining jadal o‘sishi kutilayotganini ta’kidlagan. Transport-logistika sohasi mamlakat iqtisodiy rivojlanishining dvigatellaridan biriga aylanishi kerak.

To‘qayevning bildirishicha, transport sohasida Qozog‘iston Rossiya va Xitoy bilan hamkorlikni davom ettiradi. Jumladan, “Baxti” chorrahasida yangi quruq port quriladi, Aqtau shahrida konteyner tashish xabi qurilishi jadallashtiriladi, port inshootlari kengaytiriladi. 

Rejalashtirilgan islohotlardan asosiy maqsad 2029 yilga kelib milliy iqtisodiyot hajmini ikki barobarga – 450 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadida iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlarini 6-7 foiz darajasida ta’minlashdan iborat.

Murojaatda ko‘tarilgan yana bir muhim masala – AES qurilishi ehtimoli. Bir tomondan, Qozog‘iston dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchisi sifatida o‘zining yadroviy ishlab chiqarishiga ega bo‘lishi kerak. Boshqa tomondan, ko‘plab qozog‘istonliklar va bir qator ekspertlar atom elektr stansiyalari xavfsizligidan xavotirda. Shu munosabat bilan Prezident AES qurish masalasini umumxalq referendumiga qo‘yishni taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing