Qozog‘iston Maskning interneti uchun qonunchiligini o‘zgartirmoqchi
Olam
−
21 noyabr 2023
35362024 yil oxirigacha Qozog‘istonning aloqa sohasidagi qonunchiligini respublikada Starlink texnologiyalaridan foydalanish uchun o‘zgartirish rejalashtirilgan. Bu haqda Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Bagdat Musin ma’lum qildi.
Qayd etish joizki, Bagdat Musin rahbarlik qiladigan vazirlik oldinroq qozog‘istonliklarning Starlink terminallaridan foydalanishini noqonuniy deb e’lon qilib, buning uchun jarimalar qo‘llanilishi haqida ogohlantirgan edi.
"Qonunchilik cheklovlariga kelsak, ular haqiqatan ham mavjud. Kelgusi yil oxiriga qadar biz ma’lum o‘zgartirishlar kiritish masalasini albatta hal qilamiz", degan vazir Ostonadagi brifingda.
Uning ta’kidlashicha, Starlink yangi aloqa texnologiyasi bo‘lgani sababli kompaniya aloqa xizmatlarini ko‘rsatish uchun uch yil oldin mamlakatda uskunalar o‘rnatishi va mahalliy aloqa tarmoqlari bilan integratsiyalashuvi kerak edi.
“Endilikda ular [Starlink vakillari] koinotda sun’iy yo‘ldoshlararo aloqani o‘rnatdi va shunga ko‘ra, ular xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarda tegishli uskunani joylashtirishning hojati qolmadi", deydi Bagdat Musin.
Raqamli rivojlanish vaziri Qozog‘istonda tegishli qonun hali bunga moslashtirilmaganini ta’kidladi.
Shunga qaramasdan, u mamlakatda Starlink texnologiyasidan foydalangan holda 2 ming maktabni keng polosali internetga ulash loyihasi amalga oshirilayotganini eslatdi.
“Biz 2 mingta maktab loyihasini pilot loyiha sifatida ishlab chiqyapmiz, uning doirasida aloqa sohasidagi qonunchilikni qanday o‘zgartirish bo‘yicha ishlarni o‘rganamiz”, deydi vazir.