Qozog‘iston mamlakatga tahdid qilgan rossiyalik jurnalistga javob qaytardi

Olam

image

Rossiyalik jurnalist Tigran Keosayanning Qozog‘istonga kirishi taqiqlanishi mumkin. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Keosayanning Qozog‘iston haqida bildirgan fikriga javoban ma’lum qildi.

“Rossiyalik jurnalist Tigran Keosayanning haqoratli va mohiyatan noxolis nutqi e’tibor tortmoqda. Ehtimol, uning bayonoti Rossiya jamoatchiligi va siyosiy elitasining ma’lum bir qismining nuqtai nazarini aks ettirar, lekin hech qanday tarzda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ruhi va mazmuniga hamda davlat rahbarlari darajasidagi amaldagi kelishuvlarga mos kelmaydi”, degan Qozog‘iston TIV matbuot kotibi Aybek Smadiyarov.

TIV munosabatida ta’kidlanishicha, bunday chiqishlar “yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari muhitini zaharlaydi va strategik sheriklik muxoliflarining foydasiga xizmat qiladi”.

“O‘ylaymanki, u Qozog‘istonga kirishi nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi”, degan vazirlik matbuot kotibi.

Keosayan nima degandi?

Joriy yilning 24 aprel kuni Keosayanning YouTube’dagi kanalida uning qozog‘istonliklarni noshukrlikda ayblab, Ukrainadagi ahvoldan xulosa chiqarishga chaqirgan haqoratli videosi paydo bo‘ldi.

“Qozoqlar, birodarlar, bu qanday noshukrlik? Yigitlar, sizlar rostdan ham Rossiya qaygadir bug‘lanib ketdi, degan qarorga keldinglarmi? Marsga ko‘chib ketyaptimi? Yoki sizlar ko‘chib ketyapsizlarmi? Men Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Tigran Edmondovich Keosayan shaxsiy fikrimni aytaman. Ukrainaga diqqat bilan qarang, jiddiy o‘ylab ko‘ring. Ukrainaga diqqat bilan qarang, jiddiy o‘ylab ko‘ring. O‘ylaymanki, bizning mas’ullarimiz ham munosabatlar darajasini qayta baholashlari, qayta ko‘rib chiqishlari kerak. Chunki, azizlarim, agar siz shunday ayyor bo‘lishda davom etaman va buning uchun hech narsa bo‘lmaydi deb o‘ylasangiz, adashasiz”, deydi Keosayan tahdidomuz tarzda.

Jurnalist dunyo o‘zgarganini, hozir urush vaqti ekanini ta’kidlab, Qozog‘iston va boshqa davlatlar o‘z tarafini belgilashi kerakligini urg‘ulagan.

“Dunyo o‘zgardi, hamma narsa o‘zgardi. Va poyezd ketmoqda. Siz hali ham oxirgi vagonga osilib olishingiz mumkin. Lekin siz bunday chalqala olmaysiz. Hech bo‘lmaganda men bunga ishonaman, chunki hamma do‘stlik o‘yinlari tugadi. Endi bu omon qolish masalasi.

Urush ketyapti. Ikki ulkan, katta g‘oya, ikkita katta davlat va ikkinchi davlat Ukraina emas, balki Amerika va NATOdir. Ammo qolgan barcha davlatlar, ayniqsa, qardosh davlatlar qat’iyatli bo‘lib, taraf olishlari kerak. Va biz diqqat bilan kuzatishimiz kerak – kim biz bilan va kim yo‘q”, deydi Keosayan.

U bir qarorga kelmagan, nodo‘stona signallar bergan davlatlarga hech bo‘lmaganda iqtisodiy va axborot doktrinasida dushmandek qarash kerakligini ta’kidlab o‘tgan. Shu bilan birga jurnalist KXSHT kuchlari Qozog‘istonda tartibsizliklarni bostirishga, hukumatni saqlab qolishga yordam berganini aytib, rasmiy Nur-Sulton 9 may munosabati bilan harbiy parad o‘tkazmasligini tanqid qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Tigran Keosayan

Baholaganlar

652

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing