Qozog‘iston KXSHT kuchlarining yordamiga qarab qolganmidi? Nega To‘qayev mamlakatni o‘zi tinchita olmadi?

Tahlil

Ma’lumki, Qozog‘istonda sodir bo‘layotgan ommaviy norozilik namoyishlari va qo‘poruvchilik harakatlarini bostirish uchun Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Kollektiv xavfsizlik tashkilotidan yordam so‘radi. 

Kecha, 6 yanvar kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Shu asosda kechaning o‘zida KXSHT kuchlari Qozog‘istonga kirishni boshladi. Bunda birinchilardan bo‘lib Rossiya va Belarus otni qamchiladi.

Xo‘sh, KXSHT nomi ostida tashkilotga a’zo davlatlarning necha nafar harbiylari Qozog‘istonga kiritilmoqda? Bunda son bo‘yicha kimning qo‘li baland kelmoqda. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tashkilotda asosiy tashabbuskor bo‘lgan Rossiya Qozog‘istonga naq 3 ming nafar harbiy kiritmoqda. 

28 yildan buyon Aleksandr Lukashenko boshqaruvida bo‘lgan Belarusning chekiga esa 500 nafar harbiy kiritish tushgan. 

Voqealarni jim kuzatib kelayotgan Tojikiston esa ushbu namoyishlarni bostirish jarayonida 200 askari bilan KXSHT nomidan ishtirok etadi. 

Qirg‘iziston esa Qozog‘istonga 150 nafarlik harbiy yordam bermoqchi. Biroq mamlakat poytaxti Bishkekda allaqachon jamoatchilik faollari Qozog‘istonga KXSHT nomi ostida harbiy kiritishga qarshi chiqmoqda. Noroziliklar asosan parlament binosi atrofida bo‘lmoqda. 

Qorabog‘ urushida o‘zi ham Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so‘raganu lekin umidi so‘ngan, Qozog‘istondagi namoyishlar boshlangan ilk kundanoq hali Vladimir Putin, hali To‘qayev bilan muloqot qilib borayotgan Bosh vazir Nikol Pashinyan Qozog‘istonga bor-yo‘g‘i 100 nafar arman askarini kiritishga qaror qildi. 

KXSHT Bosh kotigibiga ko‘ra: 

•    Tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risidagi qaror Qozog‘iston rahbari To‘qayevning iltimosiga ko‘ra KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan birgalikda qabul qilingan. (Tashkilotga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kiradi). 

•    Kontingent cheklangan muddatga kiritiladi. Maqsad: mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish. 

•    Qozog‘istondagi KXSHT kuchlari tartibni tiklamaydi – ularning roli harbiy infratuzilma va boshqa ob’ektlarni himoya qilishda. 

•    KXSHT Qozog‘istondagi voqealarni davlat xavfsizligi va yaxlitligiga zo‘ravonlik bilan putur yetkazish maqsadida tashqaridan qo‘zg‘atilgan urinish sifatida baholaydi. 

•    Barcha tinchlikparvar kuchlar operatsiya yakunlanganidan keyin Qozog‘istondan olib chiqiladi.  Ularning bo‘lish muddati vaziyatga va respublika rahbariyatining qaroriga bog‘liq bo‘ladi. 

•    KXSHT vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga o‘z kontingentini jo‘natish to‘g‘risida BMT va YeXHTni xabardor qilgan.

KXSHT nizomida belgilanishicha, KXSHTning vazifasi shartnomada ishtirok etuvchi davlatlarning hududiy yaxlitligini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilishdir. Biroq bugungacha namoyishlarda xalqaro kuchlar vakillari qo‘lga olinmagan. Shuningdek, javobgarlikka tortilganlar orasida ham xalqaro terrorchilik tashkilotlariga a’zolar aniqlanmagan.

Ayni vaqtda xalqaro siyosatchilar To‘qayevning KXSHTni mamlakatga taklif qilishini muhokama qilmoqda. Ekspertlar “Qozog‘istonning KXSHTning 5 ming kishilik askariga ehtiyoji bormidi?”, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda. 

Globalfirepower ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston dunyo mamlakatlarining harbiy salohiyati bo‘yicha reytingida 140 mamlakat ichida 61-o‘rinda turibdi. Ayni vaqtda mamlakat qurolli kuchlarida xizmat qilayotgan harbiylar 167 ming nafarni tashkil etadi. Shundan 135 ming nafari faol mehnat layoqatiga ega. 

Texnik vositalari: 

•    havo kuchlari – 38 ta;
•    tank – 300 ta;
•    zihrli transport vositalari – 1200 ta;
•    artilleriya texnikasi – 246 ta;
•    raketa otuvchi texnikalar – 407 ta. 

Eng qizig‘i shundaki, KXSHTga a’zo va bugun Qozog‘istonga kirgan mamlakatlarning aksariyati harbiy salohiyat bo‘yicha Qozog‘istondan ancha ortda. Masalan, Armaniston 100-o‘rinda, Tojikiston 99-o‘rinda, Qirg‘iziston 93-o‘rinda. Belarus esa reytingda 50-o‘rinni band etgan. Rossiya esa tabiiyki, 2-o‘rinda turibdi. O‘zbekiston ushbu reytingning 51-o‘rinida bormoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev KXShT ODKB

Baholaganlar

771

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing