Qozog‘iston xalqi qurbon bo‘ldi – To‘qayev yadroviy qurol sinovlari haqida

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kunida yadro qurolini sinash oqibatida Qozog‘iston xalqi boshidan kechirgan og‘ir oqibatlarni eslatdi. Bu haqda u bugun, 29 avgust kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

“Bugun Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kuni. Ushbu unutilmas sana Qozog‘iston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan belgilandi. Xalqimiz yadro quroli sinovlarining eng og‘ir oqibatlari qurboni bo‘ldi. Bu fojia takrorlanmasligi kerak.

Biz kelajak avlodlar manfaati uchun tinchlikni mustahkamlashimiz, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishimiz, yadroviy qurolsizlanishga erishishimiz, yadro sinovlaridan voz kechishimiz kerak. Tinchlik va xavfsizlik butun insoniyatni birlashtiruvchi oliy qadriyatdir”, deb yozdi To‘qayev.

Ma’lumot uchun, 1949 yildan 1989 yilgacha Qozog‘istondagi Semipalatinsk poligonida SSSR tomonidan yadroviy sinovlar o‘tkazilgan. Bu davr mobaynida 450 dan ortiq yerusti va yerosti portlashlari amalga oshirilgan. Sinovlar oqibatida jiddiy radiatsion ifloslanish yuzaga kelgan va yaqin hududlarda yashovchi yuz minglab aholining salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. 1991 yil 29 avgustda poligon rasman yopilgan va Qozog‘iston yadroviy quroldan ixtiyoriy ravishda voz kechgan ilk davlatlardan biriga aylangan.

So‘nggi yillarda Qozog‘istonda Semipalatinsk yadro poligonidagi sinovlardan zarar ko‘rgan fuqarolarga qo‘shimcha ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalasi muhokama qilinib kelinmoqda. 2023 yilda Majlis deputati Nurlan Avezbayev bu toifadagi fuqarolarning ijtimoiy himoyasi masalasini ko‘targan.

2022 yilda esa Konstitutsiyaviy sud raisi Elvira Azimova ham ushbu masalani tartibga solish zarurligini ta’kidlagan. Bosh vazir Oljas Bektenov deputatlar so‘roviga javoban 1949-1990 yillarda radiatsiya xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda ishlagan odamlar uchun muddatidan oldin nafaqaga chiqish tashabbusini ko‘rib chiqqan. Taklifga ko‘ra, erkaklar uchun pensiya yoshi – 25 yillik ish stajiga ega bo‘lgan taqdirda 55 yosh, ayollar uchun esa 20 yillik staj bilan 50 yosh etib belgilanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev yadroviy sinov Semipalatinsk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing