Qozog‘iston dunyoning Top iqtisodiyotlari 40 taligiga kirdi

Olam

image

Qozog‘iston joriy yilgi Jahon raqobatbardoshlik reytingida 38-o‘rinni egallab, dunyoning eng raqobatbardosh 40 iqtisodiyoti qatoridan joy oldi. Bu haqda Xalqaro menejmentni rivojlantirish instituti (IMD) tomonidan tayyorlangan World Competitiveness Ranking 2026 reytingida e’lon qilindi.

Mazkur reyting mamlakatlarning iqtisodiyot va biznesni barqaror rivojlantirish uchun sharoit yaratish qobiliyatini baholaydi. Unda davlatlar iqtisodiyot holati, davlat boshqaruvi samaradorligi, biznes samaradorligi va infratuzilma kabi to‘rtta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholangan. Reytingni shakllantirishda statistik ko‘rsatkichlar hamda kompaniyalar rahbarlari o‘rtasidagi so‘rovnoma natijalaridan foydalanilgan. Qozog‘iston ayrim yo‘nalishlarda yuqori natijalarni qayd etgan.

Jumladan, mamlakat:

  • soliq siyosati bo‘yicha – 9-o‘rin;
  • xalqaro savdo bo‘yicha – 19-o‘rin;
  • mehnat bozori bo‘yicha – 20-o‘rin;
  • boshqaruv amaliyotlari bo‘yicha – 20-o‘rin;
  • biznesdagi qadriyat va qarashlar bo‘yicha – 20-o‘rin;
  • bandlik bo‘yicha – 26-o‘rin;
  • institutsional muhit bo‘yicha – 29-o‘rin;
  • unumdorlik va samaradorlik bo‘yicha – 32-o‘rin;
  • ichki iqtisodiyot bo‘yicha 33-o‘rinni egallagan.

Aholisi 20 milliondan ortiq bo‘lgan mamlakatlar orasida Qozog‘iston 15-o‘rinda qayd etilgan. Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari guruhida esa respublika 25-o‘rinni egallagan.

Tadqiqotda Qozog‘istonning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari ham keltirilgan. 2025 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 306,2 milliard dollarni tashkil etgan, real YAIM o‘sishi esa 6,5 foiz bo‘lgan. Iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha Qozog‘iston reytingdagi iqtisodiyotlar orasida 6-o‘rinni egallagan.

Xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha aholi jon boshiga YAIM 45 286 dollar, ishchi kuchi soni 9,77 million kishi, ishsizlik darajasi esa 4,6 foiz deb baholangan.

Ekspertlar Qozog‘iston uchun joriy yildagi asosiy vazifalar qatorida davlat boshqaruviga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, zamonaviy yuqori texnologik ishlab chiqarishlarga sifatli investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatning tranzit salohiyatini rivojlantirish, kasb-hunar ta’limini isloh qilish hamda suv resurslarini sun’iy intellektdan foydalangan holda zamonaviy boshqarish tizimiga o‘tishni qayd etgan.

IMD World Competitiveness reytingi 38 yildan beri e’lon qilib kelinadi. Uni shakllantirishda xalqaro, milliy va mintaqaviy tashkilotlarning statistik ma’lumotlari hamda biznes rahbarlari o‘rtasidagi so‘rovlar hisobga olinadi. 2026 yilgi so‘rovnomada qariyb 6 900 nafar top-menejer ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yashash uchun eng yaxshi davlatlarning joriy yilgi xalqaro reytingida Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing